"Boko Haram" qizlarni qo'yib yuborishga rozi

  • Amerika Ovozi

Nigeriyadagi mahalliy qochqin oilalar. "Boko Haram" Nigeriya shimoli, aholisi asosan musulmonlardan iborat hududda islomiy davlat qurish uchun kurashayotganini ta'kidlaydi.

Nigeriyadagi mahalliy qochqin oilalar. "Boko Haram" Nigeriya shimoli, aholisi asosan musulmonlardan iborat hududda islomiy davlat qurish uchun kurashayotganini ta'kidlaydi.

"Boko Haram" jangari guruhi Nigeriya hukumati bilan muzokara qilib, yarim yil oldin olib qochilgan o'quvchi qizlarni ozod qilishga kelishgan.

Tomonlar mintaqada minglab odamlarni hayotdan olib ketayotgan ixtilofni tugatib, sulh tuzishga ham rozi.

Neftga boy bu o'lkani besh yildan beri titratayotgan "Boko Haram"ning ishontirishicha, qizlar sog'-salomat, hech biriga ziyon yetmagan.

Muloqot Saudiya Arabistonida o'tgani ma'lum, unda Nigeriya prezidenti Gudlak Jonatanning maslahatchilari va "Boko Haram"ning bosh kotibi qatnashgan. O'rtada Chad prezidenti Idris Debi va Kamerun rasmiylari vositachi. Saudiya Arabistoni mutasaddilari muzokarada qatnashmagan.

Nigeriyaning Chibok qishlog'i 14-aprel kuni jangarilar hujumiga uchrab, 270 o'quvchi qiz o'g'irlab qochilgan edi. 57 nafari jangarilar changalidan qutulishga muvaffaq bo'lgan.

"Boko Haram" yetakchilari sal oldin qizlarni qul qilib sotishini aytib po'pisa qilgan edi. Jangarilar qamoqdagi safdoshlari ozod qilinishini talab qilgan.

"Boko Haram" Nigeriya shimoli, aholisi asosan musulmonlardan iborat hududda islomiy davlat qurish uchun kurashayotganini ta'kidlaydi.

Guruh oxirgi yillarda gavjum manzillar, avtobus bekatlari, hukumat idoralari, cherkov va masjidlarga hujumlarni amalga oshirgan.

Nigeriya prezidenti yordamchisi Hassan Tukur "Amerika Ovozi" ga shuni bildiradiki, kelayotgan hafta Chadda muzokara davom etadi va boshqa masalalar ham hal etiladi degan umid bor.

Prezident Jonatan o'quvchilar taqdiri borasida sustkashlik qilishda ayblanmoqda. Mamlakat armiyasi esa jangarilar oldida ojizlikda tanqid qilinadi.

Tinchlik muzokaralari samara berishi kerak, deydi Nigeriya bosh qo'mondoni, general Aleks Badeh.

Lekin omma hukumatdan norozi. Jamoatchilik nazarida rahbariyat "Boko Haram" ga qarshi vaqtida chora ko'rmadi va bugun bu guruh shu qadar haddidan oshib ketganki, bu qizlarni qo'yib yuborgani bilan ertaga yana minglab odamlarni garovga olishi va o'z shartlarini qo'yishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG