"Boko Haram" "Islomiy davlat"ga sadoqat bildirdi

  • Amerika Ovozi

"Boko Haram" rahbari Abubakar Shekau

"Boko Haram" rahbari Abubakar Shekau

Nigeriya shimolida islomiy davlat qurishga intilayotgan "Boko Haram" jangari guruhi Iroq va Suriyaning bir qismini bosib olgan "Islomiy davlat"ga sadoqatini e'lon qildi.

Guruh rahbari Abubakar Shekauning aytishicha, "Boko Haram" bundan keyin "Islomiy davlat" xalifasi Abu Bakr Bag'dodiyga bo'ysunadi va uning amrlarini bajarishga tayyor.

Kecha Nigeriyaning Borno shtatida jangarilar bir necha xuruj uyushtirib, kamida 55 odamning hayotiga zomin bo'lgan, 140 nafari jarohat olgan.

Jami to'rt bomba portlagan, ularni bir necha xudkush ayollar portlatgani aytiladi. Xurujlar bozorlarda sodir etilgan.

Xabarlarga ko'ra, armiya kuchlari Gvoza shahriga yaqinlashmoqda. Jangarilar shaharni mudofaa qilishga hozirlik ko'rmoqda, Gvoza atrofini minalashtirmoqda. Aholi shaharni tark etmoqda. Jangarilar erkaklarni qo'lga qurol olib ular bilan jang qilishga majburlamoqda. Bosh tortganlarni o'ldirishmoqda.

So'nggi bir oyda Nigeriya armiyasi Borno shtatidagi bir necha qishloqni jangarilardan ozod etgan. Unga Niger, Kamerun va Chad askarlari yordam bermoqda. "Boko Haram" bu davlatlarga ham hujum qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG