AQSh-Meksika chegarasida savdo gullamoqda

  • Amerika Ovozi

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp Meksika va AQSh o'rtasida devor qurishni taklif qilayotgan bir paytda demokratlar nomzodi Hillari Klinton qo'shnilar o'rtasida devor emas, do'stlik ko'prigini qurish kerak, degan fikrda. Chegaradagi amerikaliklar ham ikki tomonlama savdo aloqalari kuchayishini xohlayapti.

Mariposa portida har ikki tomonga - Meksika va Arizonaga ham odamlar, ham yuklar qatnaydi.

Vizaga ega ko'plab meksikaliklar savdo qilish yoki ishlash uchun chegaraning bu yog'iga o'tadi.

Ammo chegarada uzoq kutish va to'siqlar harakatlanishni qiyinlashtiradi, deydi migrant huqulari faoli Rendi Meyer.

"Chegarada savdo va biznes deyarli to'xtab qolgan. Bir necha milliard dollarlik biznes qilish mumkin bu yerda", - deydi u.

Shunga qaramay, 100 km. shimoldagi Tuson shahrigacha bo'lgan hududlar savdodan naf ko'rmoqda.

Tuson savdo palatasi rahbari Mayk Verni xavfsizlik va savdo o'rtasida muvozanat bo'lishi kerak, deydi.

"Yomon odamlar va yomon narsalar tashqarida qolishini xohlaymiz. Ayni paytda chegaralararo savdoni to'xtatishni istamaymiz", - deydi u.

Unga ko'ra, meksikaliklar mahalliy iqtisodiyotga katta hissa qo'shadi.

"Meksika fuqarolari Tusonga kelib, bir yilda mehmonxona va do'konlarimizda bir milliard dollar sarflashadi", - deydi u.

Chegaradagi savdo va ishlab chiqarish loyihalarini boshqarish uchun korporatsiyalar ochayotgan markaz va idoralar ham juda muhim, deydi tadbirkor.

Verni mamlakat matbuotida chegaralar haqida ko'p aytiladigan salbiy fikrlardan norozi.

"Iqtisodiy o'sish, ish o'rinlarining yaratilishi topilgan giyohvand moddalardek e'tibor tortmaydi. Arizonada xalqaro savdo bo'layotganidan mamnunmiz va uni kengaytirish uchun hamma chorani ko'ramiz", - deydi u.

Ko'plab amerikaliklar maoshlarning oshmasligiga, ta'lim va sog'liq xarajatlarining ko'payishiga muhojirlarni ayblaydi. Ko'plab saylovchilar immigratsiyani cheklashga chaqiruvchi nomzodlarni qo'llab-quvvatlaydi.

"Siyosat, savdo va iqtisodiyot aralashgan bu ishga. Murakkab jarayon. Biz bu jarayonni tashkil qiladigan har bir masalaga alohida e'tibor berishimiz kerak", - deydi Verni.

Uning aytishicha, yangi chegara punktlari qurib bitkazilsa va to'la ishga tushsa, savdo va tijorat aloqalari yanada yaxshilanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG