Breaking News

Qashshoqlik va ilojsizlik migrantlarni Amerikaga kelishga majbur qilmoqda


AQShda respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp, saylansa, Meksika bilan chegarada devor qurish niyatidan qaytmoqchi emas. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning aksariyati janubi-g’arbiy chegarada nazoratning kuchaytirilishi tarafdori. Amerikacha hayotni orzu qilayotgan meksikaliklarning ishi yanada qiyinlashadigan bo’ldi.

Migrantlar odatda chekka hududlarda, chegaraning yaxshi qo’riqlanmaydigan qismi orqali o’tishga harakat qiladi, biroq shundan so’ng havo harorati 40 va undan oshiq darajada bo’lgan cho’lni kesib o’tish zarur.

U yerdagi o’simliklar soya bermaydi, migrantlar yo’lda boshqa qiyinchiliklarga ham uchraydi.

“Insoniy chegara” nodavlat tashkiloti ko’ngillisi Dayen Xoulterning aytishicha, meksikaliklar yo’lga tayyorgarlik ko’rmay chiqadi.

“Ko’p hollarda oyoq kiyimi sharoitga mosmas, natijada oyoqlari qavariladi. Organizm suvsizlanib, madorini yo’qotishadi”, - deydi Xoulter.

Tashkilot xodimlari Arizona cho’lining bir qancha joylariga suv solingan idishlar qo’yib, migrantlar uzoqdan payqashi uchun bayroq ilib qo’yadi.

Meksikaliklarga pul evaziga chegaradan o’tishda yordam berayotgan kontrabandachilar ixtiyorida mashinalar bor, biroq o’ziga ishonib yo’lga otlangan odamlar ko’p hollarda cho’lda qolib ketadi. Bundaylarni AQSh chegara patruli hibsga olib qutqaradi.

“Odamlar doim chegaradan o’tishga urinadi. Imkon qadar buning oldini olishga harakat qilamiz, ishimiz ko’p”, - deydi patrul boshlig’i Pol Bizon.

Bizonning aytishicha, cho’l sharoitida chegarani kesib o’tish ham, og’ir ahvolga tushgan odamlarni qutqarish ham oson emas.

“Chegaraning Tuson qismidan o’tish o’ta mushkul, yo’lda tog’ va dashtlar uchraydi, chegara bo’ylab yettita tog’ tizmasi bor, harakatlanish juda qiyin”, - deydi Bizon.

Yaqinda AQShdan deportatsiya qilingan meksikaliklar yo’l tahdidlari va qiyinchliklari haqida so’zlaydi.

“Issiqda, suvsizlikdan qiynalib, ancha odam yo’lda qolib ketganini eshitganmiz”, - deydi bir ayol.

Martin ismli yana bir odam esa ilojsizlikdan yo’lga chiqqanini, cho’lda tanosil kasallikka uchraganini aytadi.

“Oilamiz kambag’al, pulimiz yo’q, shunga Amerikaga borishga majbur bo’ldim”, - deydi u.

Katolik ruhoniylari tuzgan “Kino chegara tashabbusi” tashkiloti deportatsiyaga uchragan migrantlarni har kuni nonushta bilan boqadi.

“Agar ular Amerikada yana qo’lga tushsa, bir necha kun hibsxonada o’tirishga majbur bo’ladi yoki yo’lda nobud bo’lishi, qaroqchilar hujumiga uchrashi mumkin”, - deydi tashkilot rahbari Shon Kerol.

Qashshoqlik va o’z yurtidagi zo’ravonlik odamlarni Amerikaga borishga, qo’lga tushsa deportatsiya qilinishiga qaramay, ilojsizlik omadini qayta va qayta sinashga majbur qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG