AQSh qonunchilari: Boston xuruji chetdan rejalanganini aniq aytish qiyin

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilarining aytishicha, Boston xuruji chetdan rejalangani haqida aniq xulosa qilish qiyin. Lekin ijrochilar xorijda yangrayotgan fikrlardan ruhlangan bo’lishi mumkin.

Respublikachi kongressmen Mayk Makkol nazarida mamlakat xavfsizlik tizimi pand berdi, undagi yoriqlar sababli xurujlar sodir etildi. Qonunchi bu haqda Kongress Vakillar palatasidagi tinglovda so’zlagan.

Unda savol-javob qilingan Boston politsiyasi rasmiysi Edvard Deyvis Rossiya maxfiy xizmati AQSh Federal qidiruv byurosini avvalroq Tamerlan Tsarnayev haqida, uning radikal qarashlari haqida ogohlantirganini eslatadi.

Boston politsiyasi bundan bexabar edi, deydi Deyvis. Aka-uka Tarmelan va Johar Tsarnayevlar hujum ortida turganlikda gumon qilinadi.

Edvard Deyvis xavfsizlikni mustahkamlash uchun kuzatuv kameralari va boshqa texnologiyadan ko’proq foydalanishni, maxsus politsiya bo’linmalari va ofitserlar sonini oshirishni taklif qilgan. Ammo jamiyat hayoti, shaxsiyat hurmat qilinishi ham zarur, deydi Boston politsiyasi rasmiysi.

Bu orada, Tamerlan Tsarnayev dafn etilgan, ammo rasmiylar uning qabri qayerda ekani haqida lom-mim demayapti. Massachussets shtati ma’muriyatining bildirishicha, bir inson 26 yoshli Tsarnayevni ko’mish ishlarini o’z bo’yniga olgan.

Shu paytgacha marhumni qo’yadigan joy bahs-munozaraga sabab bo’lib kelayotgan, biror mozor unga joy berishga rozilik bermayotgan edi. Tsarnayev 19-aprel kuni politsiya bilan otishmada o’ldirilgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG