Sarnayevlar oilasi fojiada Amerikaning o'zini ayblaydi

  • Amerika Ovozi

Boston portlashlarini uyushtirganlikda ayblanayotgan va hozir ishi tergovda ko’rilayotgan Jo’xar Sarnayev sog’lig’i ancha yaxshilanib, gapira oladigan holatga kelgan. U hatto Dog’istondagi onasi bilan ham muloqotda bo’lgan. “Amerika ovozi” muxbiri Sarnayevlar oilasi bilan uzoq yillardan beri tanish bir jurnalist bilan gaplashdi.

“Uol-Strit Jornal” (Wall Street Journal) gazetasining Moskvadagi muxbiri Allen Kassison Sarnayevlar oilasini 2003-yildan beri biladi. U paytlarda bu oila umuman boshqa dunyoda yashar edi, deydi jurnalist.

“Ular Amerikaga ulkan rejalar va ishtiyoqlar bilan kelgan odamlar edi. Hamma bolalari Garvardda o’qishni istagan. Ko’p pul ishlab, katta uy va qimmatbaho mashinalar sotib olishni orzu qilishgan”, - deya hikoya qiladi Kassison.

Portlashlar ketidan yuz bergan otishmada halok bo’lgan Tamerlan Sarnayev dinga berilishidan oldin giyohvandlik va ichkilikka mukkasidan ketgan edi, deydi uning tanishlari.

Ukasi Jo’xar Sarnayev esa giyohvand moddalar savdosi bilan shug’ullangani taxmin qilinadi. Agar terrorizm va boshqa jinoyatlar bo’yicha qo’yilgan ayblovlar isbotlansa, Jo’xar umrbod qamoq jazosiga yoki o’limga hukm etilishi mumkin.

Jurnalist Kassison yaqinda Dog’istonga borib, Jo’xarning ota-onasi bilan gaplashdi. Suhbat davomida Sarnayevlar oilasi unga AQSh hayotiga ko’nikish qiyin bo’lganini aytgan.

“Amerikada qanday yashaganlari haqida ular ochiq gapirishdi. Oilada muammolar ham bo’lgan. Bu yerga kelganlaridan afsus ham chekishgan”, - deydi jurnalist.

Tamerlan va Jo’xar Sarnayevning portlashlarga aloqadorligini ko’rsatuvchi dalillar ko’p bo’lishiga qaramay, ular farzandlarini hanuz aybsiz deb hisoblaydi.

“Buni tuzoq deb hisoblashadi. Shu haqda yozgan ko’plab veb-saytlardagi gaplarni takrorlashadi. Aktyorlar jalb etilgan, sahnalashtirilgan, aslida hech qanday odam jarohat olmagan va hokazo”, - deydi Allen Kassison.

Jurnalistning aytishicha, Tamerlan Sarnayev o’tgan yili Dog’istonga tashrif buyurganda kim bilan uchrashgan bo’lishi mumkinligi haqidagi savolga ota-onasi aniq javob bermagan.

Xavfsizlik bo’yicha rasmiylarga ko’ra esa aka-ukalarning kattasi Dog’istonga qilgan safari davomida radikal jangari guruhlar bilan aloqa o’rnatgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG