Hamoda havo hujumida 60 dan ziyod odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy Damashqda Suriya prezidenti Bashar al-Assad bilan ko’rishib, fuqaro urushiga barham berish haqida gaplashgan.


Elchi Braximiy Damashqqa kecha kechqurun yetib borgan. Faollarning aytishicha, shu kuni Hamo viloyatida hukumat havo hujumida 60 dan ziyod odam jon bergan.

Voqea isyonchilar qo’lidagi Halfaya shahrida ro’y berdi, deydi guvohlar. Bu o’tgan yil bahorda boshlangan mojaroda eng qonli kun deya ta’riflanmoqda. Talofatlar oshishi mumkin, chunki jarohat olganlar taxminan 50 kishi bo’lib, ayrimlarining ahvoli o’ta og’ir.

Internetga joylangan videoda bir qavatli bino vayronalarini ko’rish mumkin. Faollar novvoyxona nishonga olinganini aytadi. Armiya Halab va Damashq tevaragiga ham o’q yog’dirdi, deydi huquq faollari.

Suriya Axborot vaziri Omran al-Zubiy so’zlariga ko’ra, Assad ma’muriyati ziddiyatni muzokara orqali hal qilish tarafdori. Lekin vaqtni qo’ldan boy berayapmiz, deya ogohlantiradi u isyonchilarni.

Qo’zg’olonchilar va surgundagi muxolifat 12 yildan beri davlatni boshqarayotgan Assadni haydash qarorida qat’iy va muzokaraga bo’yin bermay keladi. 2011-yilning martidan beri namoyishlar va to’qnashuvlar 40 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.

G’arb ahli va arab dunyosidagi ittifoqchilar Assadni ketishga undamoqda. Rossiya, Eron va Livandagi Hizbulloh guruhlari esa rasmiy Damashq tomonida. So’nggi paytlarda Moskva pozitsiyasi o’zgarib borayapti va Suriya barqarorligi ustuvor ekanini ta’kidlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG