Rak, saratonni davolash usullari mukammallashib boryapti


Rak, saratonni davolash usullari mukammallashib boryapti

Rak, saratonni davolash usullari mukammallashib boryapti

Joriy yil dunyoda 1,5 million ayol ko’krak saratoniga duchor bo’lgan. Vashingtonda oy boshida majlis qilgan vrachlar, olimlar rak sabablari, uni aniqlash va davolashning yangi usullarini muhokama qilgan.

O’tgan yili AQSh olimlari kutilmagan bayonot bilan chiqib, ommani hayron qoldirgan edi: yoshi 50 dan past ayollar muntazam mammogramma qilishi, ya’ni ko’krak bezini tekshirishi shart emas.

Biroq so’nggi izlanish natijalariga ko’ra, aynan damba-dam ko’rikdan o’tib turgan ayollar orasida ko’krak saratoni oqibatida o’lish hollari keskin pasaygan. Oy boshida Vashingtondagi simpoziumda ham aytildi shu gaplar.

Olimlar oxirgi 20 yil davomida bir million ayolni kuzatgan. Ularning aytishicha, 40-49 yoshlardagi ayollar har ikki yilda mammogrammadan o’tib turgan. Natijada saraton qurboniga aylanish ehtimoli 26 foizga pasaygan. Ko’rikdan o’tmagan ayollar orasida bu raqam yuqori ekani aytiladi.

Doktor Donni Plecha shifokor tekshiruvidan o’tib turish kerak, deydi.

“Qancha erta boshlasangiz, shuncha yaxshi. Kasallikning oldini olasiz. Kech qilingan ko’rik samarasi kamroq bo’ladi”.

Mammogramma – radiatsiya yordamida amalga oshiriladi. O’tgan yili hukumat tuzgan komissiya xulosasiga ko’ra, yosh ayollar qayta-qayta radiatsiyaga tutilsa, asab tizimi lat yeyishi mumkin.

Ammo ko’pgina vrachlar bu fikrga qo’shilmaydi. Mammogramma sharofati bilan omon qolgan ayollar nima deydi?

“Shu tekshiruv bo’lmasa, hayot bo’larmidim o’zi?”

“10 yil farq juda katta rol o’ynashi mumkin. Olimlar biror xulosa bilan chiqishdan oldin, u yoki bu maslahat oilalarga qanday ta’sir qilishini o’ylab ko’rsin!”

Ayrimlar hukumat komissiyasi xulosasiga qo’shiladi, ammo yosh ayollar istagi bilan ham hisoblashish kerak, deydi.

“Yoshi 40-49 lar atrofida bo’lgan ayollar vrachi bilan maslahat qilishga, mammogramma qilish-qimaslik borasida mustaqil qaror qabul qilishga haqli. Har tomonini o’ylab, eshitib, tekshirvudan o’tadi yoki yo’q”, - deydi Jennifer Obel, vrach.

Simpoziumda e’lon qilingan yana bir xulosaga ko’ra, davolash usullari yil sayin mukammallashib bormoqda. Natijada o’lim ko’rsatkichi pasaygan.

“Terapiya yo’llari tobora sayqal olib borayapti. Kimyoviy terapiya, jarrohlik usullari tobora mukammal tus olmoqda. Sog’liqni saqlash tizimining yutug’i bu. O’lim hollari kamayganini qarang”, - deydi shifokor.

60 yil oldin ko’krak saratoniga uchragan ayol tashxis qo’yilgach, 10 yildan keyin yashab ketish ehtimoli 25 foizni tashkil etgan. Bugun esa bu ko’rsatkich 75 foizga yetgan.

Kasallik butun organizmiga tarqalib ulgurmagan, faqat kichik o’simta bilan olishayotgan bemorlar orasida ko’rsatkich undanda yaxshi. 85 foiz haqida gapirish mumkin. Hatto saratonning o’ta o’gir turiga uchraganlar ko’proq yashaydi bugun.

Doktorlar fikricha bu xastalikni davolash usullari yil sayin bundanda o’tkirroq, komilroq bo’lishi aniq. Olingan raqamlar esa rakning boshqa turlari bilan kurashishda qo’l keladi.

XS
SM
MD
LG