Britaniya buyuk bo'lmay qoladimi?

  • Amerika Ovozi

Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish tarafdori varaqalar bilan

Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish tarafdori varaqalar bilan

XIX asrda britaniyaliklar imperiyamiz shu qadar kattaki, uning qaysidir qismida oftob doimo charaqlab turadi, deb maqtanib gapirar edi. XX asr o’rtalariga kelib urush va isyonlardan toliqqan Britaniya mustamlakalarning aksariyatini boy berdi.

23-iyunda britaniyaliklar Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasini umumxalq referendumda ovozga qo'yadi.

Angliya tashqarisida Yevropa Ittifoqi tarafdorlari ko’p

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi deb atalmish mamlakatga Angliya, Shotlandiya va Uells ham kiradi. Butun qirollikda saylash huquqiga ega aholining 83 foizi - inglizlar. Shotlandiya, Uells va Shimoliy Irlandiya aholisining aksariyati - Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish tarafdori. Biroq Angliya aholisi ko’pchilik bo’lgani sababli ularning ovozi asosiy rol o’ynaydi.

Agar referendum ishtirokchilarining aksariyati Yevropa Iffifoqidan chiqish uchun ovoz bersa, Birlashgan Qirollik jiddiy muammolarga duch kelishi aniq, deydi siyosatchilar va mutaxassislar.

Avvalambor, Shotlandiya Britaniya tarkibidan chiqishga qaror qiladi, deya ogohlantirdi yaqinda sobiq Bosh vazir Toni Bleyer.

2014-yilda Shotlandiyada bu masala referendumga qo’yilgan edi. O’shanda saylovchilarning 55 foizi Britaniya tarkibida qolishni ma’qullagan. Ammo o'shandan beri millatchilar va ayirmachilar tarafdorlari ko’paydi. Kelasi yillarda masala yana referendumga olib chiqilishi ehtimoli katta.

Shotlandiyada ikkinchi referendum

Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishni ma’qullayotgan shotlandiyaliklar soni so’nggi haftalarda 64 foizdan 76 foizgacha oshdi.

Shotlandiyaning millatchi rahbari Nikola Starjen “agar Yevropa Ittifoqidan chiqishga majbur qilinsak, mustaqillik masalasini yana referendumga qo’yishdan bizni to’xtatib bo’lmaydi”, deb aytdi.

Shimoliy Irlandiyada ham Yevropa Ittifoqida qolish tarafdorlari ko’p - ovoz beruvchilarning qariyb to’rtdan uch qismi. Bu katolik va protestantlarni birlashtirib turgan masala.

Shimoliy Irlandiya Yevropa Ittifoqida qolishni istaydi

Taniqli tadbirkor Len Ohaganning ogohlantirishicha, Yevropa Ittifoqidan chiqish oqibatida Buyuk Britaniya fuqarolari uchun Irlandiya Respublikasida, irlandiyaliklar uchun esa Britaniyada yashash va ishlashbobida yangi qonunlar qabul qilinishi kerak bo’ladi. Uyali aloqa roumingi uchun to’lovlar, ish kuni, ish shartnomalari qatorida elektr energiyasi, xavfsizlik va qator boshqa masalalarni qayta ko’rib chiqishga majbur bo'lamiz, deydi u.

Agar Yevropa Ittifoqidan chiqsa, Shimoliy Irlandiya Qirollikning boshqa qismlariga qaraganda kattaroq ziyon ko’radi. Shimoliy Irlandiyadan eksport qilinadigan tovarlarning 61 foizi Yevropa Ittifoqiga sotiladi. Fermerlar daromadining 87 foizi Yevropa Ittifoqi subsidiyalaridan iborat.

Siyosiy o’zgarishlar haqida ham o’ylash kerak. Yevropa Ittifoqining moliyaviy yordami hisobiga britaniyaparast yunionist protestantlar va millatchi katoliklar orasida sulhga erishilgan.

Ittifoqdan chiqish esa katolik millatchilarni yana terrorchilikka qo’l urishga majburlashi mumkin, deydi tahlilchilar.

Referendum oqibatlari

Referendum natijalari qanday bo’lishidan qat’i nazar 23-iyun Britaniya uchun jiddiy burilish nuqtasi bo’ladi. Ayrim kuzatuvchilar oqibatlar salbiy bo’lishidan ogohlantirmoqda.

Agar aksar angliyaliklar Yevropa Ittifoqidan chiqishni ma’qullasa-yu, Shotlandiya, Uells va Shimoliy Irlandiyada saylovchilar ittifoq uchun ovoz bersa, Birlashgan Qirollikning turli qismlari orasidagi munosabatlar taranglashadi. Bu esa Buyuk Britaniya mohiyatini savol ostiga qo’yib, britaniyaliklar o’zligini inqirozga tushirishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG