Breaking News

BRIKS Bankining yaratilishi ijobiy hol, deydi tahlilchilar


BRIKS davlatlari rahbarlari Braziliyadagi sammit paytida
BRIKS davlatlari rahbarlari Braziliyadagi sammit paytida

BRIKS nomini olgan davlatlar – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika o’tgan oy o’z taraqqyot bankiga asos solishini e’lon qilgan edi. Ayrimlarni bu xabar xavotirga soldi. Boshqalar nazarida esa taraqqiyot sohasida moliyaviy institutlar qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi.

BRIKSga a’zo davlat rahbarlari o’tgan oy Braziliyada muhim kelishuvga erishdi. Ular G’arbning xalqaro moliya sohasidagi monopoliyasiga chek qo’yish maqsadida o’z taraqqiyot bankini tuzishga qaror qildi.

Braziliya prezidenti Dilma Russeffning ta’kidlashicha, yangi bank avvaliga 100 milliard dollarga teng kapitalga ega bo’ladi. Yana 50 milliard dollarga teng dastlabki a’zolik kapitali teng ravishda besh davlat orasida bo’linadi.

Bu xabar ayrimlarni tashvishga solgan ko’rinadi. Chunki yarim asrdan oshibdiki xalqaro moliya sohasida G’arb davlatlari ta’sis etgan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi faoliyat yuritib keladi.

AQShning Osiyo taraqqiyot bankidagi sobiq elchisi Kurtis Chin deydiki, mavhumlikdan, ertangi kundan xavotirlanish tabiiy narsa. “Ammo men doim aytaman odamlarga, kelajakdan qo’rqmang”, -deydi u.

Karnegi Xalqaro tinchlik jamg’armasi iqtisodchisi Uri Dadush ham shu fikrda.

“Taraqqiyot loyihalari uchun, xususan jamiyatlarda infratuzilmani rivojlantirish uchun ko’proq moliyaga ehtiyoj bor. Raqobat kuchaygani yaxshi, nafaqat xususiy sektorda balki davlat institutlari orasida ham. Muhimi raqobat konstruktiv bo’lsin”, - deydi mutaxassis.

Dadush fikricha, yangi bank qanday boshqarilishida ham gap ko’p. “Muayyan sektorlarda puxta texnik malakaga ega bo’lish, rivojlanayotgan jamiyatlarda, murakkab sharoitlarda ishlash talab etiladi. Aynan shu sababdan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi jiddiy mezonlarga ega”.

Sobiq elchi Kurtis Chin nazarida esa BRIKS davlatlari iqtisodiy o’sish uchun yana bir alohida bank ta’sis etishga hojat yo’qligini tushunib oladi. “Birmadan tortib BRIKS davlatlarigacha, taraqqiyot yo’lida to’g’anoq bo’layotgan muammolar bor. Byurokratiya, qonun-qoidalar, hukumat aralashuvi, korrupsiya, mazhablararo nizolar – ana shularni hal qilish kerak”, - deydi u.

Shanxayda joylashishi rejalangan yangi bankning rahbari unga asos solayotgan davlatlardan navbat bilan tanlanadi. Unga birinchi bo’lib Hindiston raislik qiladi. Ammo birinchi kredit ajratilishiga hali ancha vaqt bor, deydi ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG