Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika biznes hamkorlikni oshiradi

  • Amerika Ovozi

ብሪክስ

ብሪክስ

BRICS tashkilotiga a’zo davlatlar biznes yetakchilari shu hafta Yoxannesburgda yig’ilib, joriy yilda o’tkazilgan sammitda kelishilgan loyihalar xususida fikr almashadi.

Guruhga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika a’zo.

BRICS Afrika infratuzilmasini yaxshilab, sarmoya muhitini kengaytirishni maqsad qilib olgan. Qit’a tadbirkorlarga keng imkoniyatlar taklif qilmoqda, ammo jiddiy muammolar ham yo’q emas.

So’nggi bir necha yilda BRICS ga a’zo davlatlar kuchli iqtisodiy blokka aylandi. Tez sur’atlarda rivojlanayotgan bu besh davlat o’rtasida savdo aylanmasi o’tgan yili 6,1 milliard dollarga yetdi. Bu global savdo ulushining 17 foiziga teng.

Biroq o’rtada muammolar ham bor. Afrika qit’asidagi eng rivojlangan mamlakat hisoblangan Janubiy Afrika kelasi 15 yilda infratuzilmasini yaxshilash uchun 400 milliard dollarga muhtoj. Hukumat hisobiga ko’ra, aholining yarmi qashshoq hayot kechiradi. Ishsizlik sur’ati 26 foiz atrofida.

Biroq mamlakatda biznes imkoniyatlar talaygina, shu sababdan BRIKS biznes kengashining majlisida qatnashish uchun yuzlab tadbirkorlar Yoxannesburgga bordi.

Tashkilotga a’zo davlatlar umumiy aholisi jahon aholisining 40 foizidan oshig’ini tashkil etadi. Janubiy Afrika umumiy qiymati 2,5 trillion dollar atrofida baholanayotgan mineral qazilmalarga boy mamlakat.

Janubiy afrikalik milliarder Patris Motsepning aytishicha, besh davlat yirik kompaniyalari birgalikda qashshoqlik va ishsizlikka barham bermoqchi.

Savdo-sotiq oshsa, sarmoya ko’paysa, ishlab chiqarish ko’tarilsa, ish o’rinlari yaratiladi. Bu juda muhim. Barchamiz rivojlanayotgan davlatlardanmiz. Hammamiz ham fuqarolarimizning hayot darajasi yaxshilanishini istaymiz, dedi konchilik sohasida boylik orttirgan Motsep.

BRICS taraqqiyot bankiga ham asos solib, boshqa muassasalardan kredit olishda qiynalayotgan mamlakatlarga qarz berishni rejalamoqda.

Janubiy Afrika prezidenti Jekob Zuma xorijiy tadbirkorlarni iqtisodiyotdagi ayrim sohalarga alohida e’tibor qaratishga da’vat etdi. Uning aytishicha, infrastruktura, konchilik, ishlab chiqarish, energetika va moliya sektorlarida imkoniyatlar talaygina. Biroq, deydi u, eskicha biznes qilish uslubidan uzoqlashish lozim.

BRICS biznes kengashi taraqqiyot va iqtisodiy o’sishga yetaklovchi yangicha usul va yondashuvlarni yaratishda qo’l keluvchi platforma ishlab chiqishi kerak, deydi prezident Zuma.

Afrika Ittifoqi komissiyasi raisasi Nkosazana Dlamini-Zuma ham dushanba kungi majlisda qatnashdi.

Uning aytishicha, bu kabi uchrashuvlar qashshoqlikka qarshi kurashga, yangi ish o’rinlarini yaratishga va odamlar daromadining o’sishiga katta hissa qo’shadi.

BRICS faoliyati tufayli unga a’zo davlatlar o’rtasida savdo kuchaydi. Masalan, Janubiy Afrikaning qolgan to’rt mamlakat bilan savdo oboroti o’tgan yili 29 milliard dollarga yetib, bu tashkilotga qo’shilmasidan oldingi ko’rsatkichdan 11 foiz yuqori.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG