Britaniya terrorda gumon qilingan shaxslarni AQShga topshirdi


Abu Hamza jami 11 ayblov bo'yicha AQShda javobgarlikka tortiladi

Abu Hamza jami 11 ayblov bo'yicha AQShda javobgarlikka tortiladi

Britaniya terrorizmda gumon qilingan besh shaxs, jumladan radikal ulamo sifatida tanilgan Abu Hamzani, AQShga ekstraditsiya qildi. Ularni Amerikaga topshirish-topshirmaslik masalasi anchadan beri sudda ko’rilayotgan edi.

Abu Hamzaga AQShning Oregon shtatida terroristlarni tayyorlovchi markaz tashkil etishga uringanlik aybi qo’yilgan. U, shuningdek, 1998-yilda Yamanda 16 kishi, jumladan amerikaliklar garovga olinishiga aloqador. O’shanda to’rt kishi halok bo’lgan edi.

Britaniyadan AQShga olib kelinganlar orasida Odil Abdul Bari va Xolid al-Favvaz ham bor. Ularning 1998-yilda Amerikaning Afrikadagi elchixonalariga qilingan hujumda qo’li borligi gumon qilinadi. Prokurorlar deydiki, ikkisi al-Qoida sobiq rahbari Osama bin Ladenning yordamchilari ham bo’lgan.

Babar Ahmad va Said Talha Ahsan esa Britaniya fuqarolari. Ularga internet orqali Afg’oniston va Chechenistondagi jangarilar uchun moliya to’plaganlik aybi qo’yilmoqda.

Ayblanuvchilar Britaniya va Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qilib, ekstraditsiya qarorini bekor qilish uchun sakkiz yil kurash olib borgan. Sud appelyatsiyani rad etgan zahotiyoq ular samolyotda AQShga jo’natildi.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron sud ishi yakuniga yetganidan mamnun. “Abu Hamza kabilar bizning mamlakatga kelib, soliq to’lovchilar puliga yashab, bizga tahdid solishidan charchab ketdik”, - deydi u.

Britaniya ekstraditsiya to’g’risidagi qonunlariga o’zgartirishlar kiritish haqida o’ylanmoqda.
XS
SM
MD
LG