Breaking News

Britaniya Bosh vaziri Qozog'istonga tashrif buyurdi


Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron (chapda) va Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Astanada o'tgan uchrashuv chog'ida, 1-iyul, 2013-yil.
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron (chapda) va Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Astanada o'tgan uchrashuv chog'ida, 1-iyul, 2013-yil.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Qozog’istonga tashrif buyurdi. Uchrashuvlarda, asosan, savdo va iqtisodiy aloqalar muhokama qilinib, bir milliard dollar miqdorida iqtisodiy shartnomalar imzolangan.

Deyvid Kameron qirollikning Qozog’istonga tashrif buyurgan birinchi hukumat rahbaridir. U bu yerga savdo va iqtisodiy munosabatarni rivojlantirish uchun kelganini aytadi.

“Britaniya global poygada ishtirok etyapti. Biz dunyoning tez rivojlanayotgan davlatlari bilan savdo aloqalarini kuchaytirib, ularga investitsiyani oshirishimiz kerak”, - deydi bosh vazir.

Kameron boshliq delegatsiya tarkibida Britaniya biznes doiralarining 30 nafar vakili ham bor. Ular qozog’istonlik hamkorlari bilan 700 million funt sterlingga teng shartnomalar imzolash uchun kelgan. Ayni paytda rasmiy London harbiy qurol-aslahalarini Afg’onistondan olib chiqishda ushbu davlat hududidan foydalanishni ham maqsad qilgan.

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mehmonga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, aloqalar kundan kunga rivojlanib borayotganini aytadi.

“Rishtalar tarixiy bir bosqichni boshdan kechirmoqda. Britaniya bosh vaziri ilk bor Qozog’istonga keldi. Biz strategik ahamiyatga ega mavzularda muloqot olib boryapmiz”, - dedi Qozog’iston rahbari.

Ayni paytda “Human Rights Watch” kabi xalqaro huquq tashkilotlari Kameronning Qozog’istonga borganidan norozi. Ularga ko’ra, Markaziy Osiyoning bu davlati inson huquqlarini ayovsiz poymol qiluvchi avtoritar davlatlardan sanaladi. “Human Rights Watch” safar oldidan Deyvid Kameronga maktub yo’llab, mamlakatdagi qonunbuzarliklarga e’tibor qaratishni so’ragan.

“So’nggi yillarda bu o’lkada inson huquqlari borasidagi ahvolning og’irlashayotganidan juda tashvishdamiz”, - deyiladi bu maktubda.

“Qozog’istonda hukumat tanqidchilarining hibsga olinishi, matbuot va so’z erkinligi ustidan nazorat, qamoqxonalarda qiynoqning keng qo’llanishi, ishchi huquqlarining davomiy poymol etilishi ko’p uchraydigan holatlar hisoblanadi”, - deya xabar beradi “Human Rights Watch” tashkiloti.

Qozog’iston rasmiylari bu kabi ayblovlarni inkor etadi. Ular mamlakatda asosiy inson huquqlari to’la ta’minlanganini ta’kidlaydi.

Ayni paytda Deyvid Kameron inson huquqlari masalasi muzokaralar rejasidan o’rin olganini aytdi. Bu mavzu Britaniya uchun muhim va uchrashuvlarda, albatta, muhokama qilinadi, dedi bosh vazir.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG