Britaniyaning qator shaharlari alanga ichida

  • Amerika Ovozi

Shahar bir necha yildan beri bunaqangi ur-yiqitni ko’rmagan, deydi guvohlar

Shahar bir necha yildan beri bunaqangi ur-yiqitni ko’rmagan, deydi guvohlar

Britaniya poytaxti London va qator shaharlar alangada. O’tgan hafta politsiya 29 yoshli bir odamni otib o’ldirganidan beri mamlakat tartibsizliklarga cho’mgan. Bir kishi o'lgan.

Bosh vazir Deyvid Kameron ta’tilga chiqqan parlamentni xizmatga chaqirib, muammoga yechim izlamoqda.

O’zi ham Italiyada dam olayotgan Deyvid Kameron Londonga tezda qaytib, uch kundan beri tinmayotgan g’alayonni tugatishga harakat qilmoqda.

Shahar bir necha yildan beri bunaqangi ur-yiqitni ko’rmagan, deydi guvohlar.

Binolar, avtomobil va avtobus bekatlari alanga ichida. Politsiya yosh isyonchilar bilan olishmoqda.

Kameronning aytishicha, Londonga minglab qo’shimcha politsiyachilar safarbar etiladi.

Bosh vazir Londondagi tartibsizlik, o’g’rilik, qaroqchilik, talon-tarojni tanqid qilib, hujumlarni qoraladi.

Do’kon va restoranlar o’marilgan, politsiyaga qarata qo’lbola bombalar otilgan. “Juda hunuk, jirkanch bir manzara”, - deydi Deyvid Kameron.

“Amerika Ovozi” guvohlardan biri, tojikistonlik talaba Mashhura ismli ayol bilan suhbatda bo’ldi.

"Britaniyada sakkiz yildan beri yashab yuribman. To'polon hech narsadan hech narsa boshlandi. Mazmuni ham yo'q bu narsalarning. Yosh yigit-qizlar qiladigan ishi yo'q, hozir ta'til hamma yerda. Judayam xatarli. Men ikki kun uyda o'tirdim, chiqmadim hech yerga, chunki Tottemxemga yaqin yerda yashayman. Nihoyat uydan chiqib, taksi olib, metrogacha yetib bordim. Uchinchi kun uyimga yetib borolmayapman, hali ham yo'ldaman", - deydi u.

"Shu paytgacha London g'arbida do'stlarimnikidan qolayotgan edim. Hozir kunduzgi tezroq yetib boray deb yo'ldaman. Hamma yerda politsiya, ularning mashinalarining ovozi kelib turibdi. Kechga borib, hamma tezroq uyga yetib olsam, deydi. Ko'chada qolmasa hech kim, hammada vahima bor. Isyonchilar esa, ko'richimcha, asosan, immigrantlarning farzandlari. Shu yerda tug'ilib o'sishgan. Oralarida inglizlar ham bor, ancha-muncha. Politsiya hech narsa qilolmayotganiga hamma hayron bo'lib turibdi, shu", - deydi ayol.

O’tgan hafta Londonning iqtisodiy nochor Tottenxem mahallasida politsiya 29 yoshli fuqaroni otib o’ldirgach, to’polon boshlangan.

Uning dafn marosimi ketidan shanba kuni tinch namoyishlar janjalga aylanib, odamlar binolarni toshbo’ron qilib, mashina va avtobuslarni yoqa boshlagan.

London ahlining aytishicha, shahar sharqidagi iqtisodiy ahvol, ishsizlik va qoloqlik isyonga turtki bergan. G’alayon Birmingem, Bristol va Liverpul shaharlariga ham tarqalib ulgurgan. Politsiya shu paytgacha 334 odamni qamagan. 35 politsiyachi jarohatlangan.

Britaniya Bosh vaziri muovini Nik Klegg mojaroni “keraksiz” va “asossiz” deya ta’rilaydi.

Turli elat vakillari yashovchi Tottenxem mahallasida avval ham etnik to’qnashuvlar ro’y berib turgan.

London Iqtisodiyot maktabi professori Rodniy Barkerning aytishicha, g’alayon qayerda ro’y bermasin, xoh Eron, xoh Suriya, xoh Amerika, xoh Angliyada, hukumatlar doimo agitator, to’polonchi guruhlar, jinoyatchilar va terrorchilarni ayblaydi.

Hukumatlarning ishi shu. Lekin aslida har qanday mojaro ortida nimadandir norozi turli xil sinf, qatlam va toifalar jamlanmasi turadi”, - deydi olim.

O’tgan hafta politsiya 29 yoshli fuqaroni o’ldirib, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga turtki bergan xolos, deb hisoblaydi professor.

Britaniya iqtisodiyoti oqsayotgan bir pallada hukumat xarajatlarni kesib, soliqlarni keskin oshirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG