"Vashington va London oldingiday qalin ittifoqchi bo'lmaydi"

  • Amerika Ovozi

Britaniya yangi Bosh vaziri Tereza Mey birinchi ish kunida birinchilardan bo'lib Amerika rahbari Barak Obamaga telefon qildi.

Britaniya yangi Bosh vaziri Tereza Mey birinchi ish kunida birinchilardan bo'lib Amerika rahbari Barak Obamaga telefon qildi.

Britaniya yangi Bosh vaziri Tereza Mey birinchi ish kunida birinchilardan bo'lib Amerika rahbari Barak Obamaga telefon qildi. Oq uy nazarida Mey xonim davrida ikki ittifoqchi davlat aloqalari yanada ildamlashi aniq. Ammo ba'zi diplomatlar bu fikrdan yiroq.

Britaniyaning sobiq va amaldagi diplomatlari "Amerika Ovozi" bilan ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gaplashdi. Ularning aytishicha, Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishga qaror qilgach, endi Vashington va London oldingiday yaqin bo'lishi gumon. Ikki davlat Ikkinchi jahon urushidan beri qalin ittifoqchi bo'lib kelgan.

Prezident Obama o'tgan oy Britaniyani Yevropa Ittifoqidan chiqmaslikka undagan, buning oqibatida mamlakat kelgusi savdo kelishuvlarida ittifoqdan ajralib qolishi haqida ogohlantirgan edi.

"Germaniya endi tobora muhimroq rol o'ynay boshlaydi", - deydi Britaniyaning Amerikadagi sobiqelchisi. "Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lmagan Britaniya Amerika uchun avvalgiday ahamiyatli bo'lmay qoladi. Berlin va Parij oldingi planga chiqadi", - deydi diplomat.

Boshqa bir elchining aytishicha, rasmiy London Breksitdan so'ng Amerikaning Yevropadagi muovini, vakili degan nomni boy beradi. Yevropa Ittifoqi xavfsizlik va tashqi aloqalarga doir yaxlit siyosatini davom ettirar ekan, London bundan e'tiboran unga ta'sir qila olmaydi, deydi diplomat.

Yaqinda Britaniyada uzoq kutilgan Chilkot hisoboti e'lon qilingan edi. Unda, jumladan, sobiq bosh vazir Toni Bleyer Amerika bilan bir safda Iroqqa qo'shin tortishi ortidagi manzara tasvirlanadi. "Nima bo'lishidan qat'i nazar sizni qo'llab-quvvatlayman, sizning tarafingizdaman", - deb yozgan Bleyer urushdan sakkiz oy oldin Prezident Jorj Bushga xatida.

Bleyer, deyiladi tahlilda, 2001-yilning 11-sentabridan keyin Bushga to'la-to'kis yordam va'da qilishining sababi - Vashingtonni ittifoqchi sifatida qo'ldan boy berishni, qalin rishtalarni buzishni xohlamagan.

Biroq, deya yozadi Jon Chilkot, hisobot muallifi, Britaniya Iroqqa qo'shin tortish uchun xalqaro hamjamiyatdan ruxsat olish kerak deya tavsiya qilganida Vashington quloq solib o'tirmagan. Jon Chilkot Britaniya sobiq diplomati, boshchiligidagi komissiya yetti yil davomida Iroq urushiga doir tergov o'tkazdi. 2009-yilda boshlangan tekshiruv natijalari joriy yilning iyulida e'lon qilindi. Hisobot Iroq bosqinida Britaniya siyosatchilari, razvedkasi, diplomatlari va generallarini ayblaydi.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan diplomatlarning aytishicha, hatto Breksitdan oldin Amerika tashqi siyosati uchun mas'ul rasmiylar Londonga kamdan-kam suyana boshlagan. Misol, 2013-yilda Britaniya qonunchilari Suriya rahbari Bashar al-Assadga qarshi qo'shma harbiy chora ko'rish iltimosini rad etgan, Vashington bundan hayratga tushgan edi.

Fransiya esa Afrika va Yaqin Sharqda jihodchilarga qarshi faol jangovar harakatlar olib borayapti, deydi AQSh diplomatlari. Obama ma'muriyati aynan Fransiyani Amerikaning eng keksa sheriklaridan, ittifoqchilaridan deya ta'riflamoqda.

Shunday bo'lsa-da, o'tgan hafta Polshada NATO sammitiga yo'l olgan Obama Britaniyani tinchlantirishga urindi. "Amerika va Britaniya aloqalari qalin bo'lib qoladi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG