Buxoro yahudiylari O'zbekistondagi saylovlarni kuzatadi


AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti Boris Kandov va vitse-prezidenti Nerri Yushvayev-Kavaler O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida, Toshkent, 19-mart, 2015-yil

AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti Boris Kandov va vitse-prezidenti Nerri Yushvayev-Kavaler O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida, Toshkent, 19-mart, 2015-yil

AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi bu yil ham O’zbekistonda saylovlarni kuzatish uchun taklif etilgan. Bu jamoa vakillari mamlakatni tark etganiga chorak asr bo’lgan bo’lsa-da, sobiq vatan bilan madaniy rishtalarni saqlab qolgan.

Tashkilot shu kungacha O’zbekistondagi hech bir saylovlarni qoldirmagan.

“O’tgan yil sentabr oyida O’zbekistonda o’tgan parlament saylovlarida kuzatuvchilik qilganmiz. Men ham kongress prezidenti Boris Kandov bilan bir delegatsiyada bo’lganman. Nukus, Guliston Chinoz, Samarqandga bordik. O’zbekistonda ko’ppartiyaviylikka guvoh bo’ldim, odamlarning yangi o’zgarishlarga befarq emasligini ko’rdim”, - deydi Nyu-Yorkda chiqadigan “Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri va kongress vakili Rafael Nektalov.

Markaziy Osiyoda asrlar davomida yashagan Buxoro yahudiylari 1980-yillardan boshlab Isroil va AQShga ko’cha boshlagan. Bugungi kunda ularning aksariyati Nyu-Yorkning Kvins rayonida turadi. Jamoa faollari sobiq vatan bilan aloqani uzmagan. O’zbekiston elchixonasi va konsulligi tashabbusi bilan o’tadigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etishadi.

“AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi uzoq yillar davomida O’zbekistondagi saylovlarda mustaqil kuzatuvchi sifatida qatnashib kelgan. Shu bahonada mamlakatdagi o’zgarishlarga guvoh bo’lyapmiz. Aytish joiz, bu o’zgarishlar ijobiy. Islom Karimovni yangi O’zbekistonga asos solgan yirik arbob sifatida bilaman. So’nggi saylovlarni kuzatganimda odamlarning unga bo’lgan mehriga guvoh bo’ldim. Har bir jamiyatga xos muammolarning mavjudligiga qaramay, O’zbekiston o’z rahbari belgilagan yangi yo’ldan ketmoqda, xalq bu rahbarga o’z otasidek qaramoqda. Bu ishonchdan dalolatdir”, - deydi Buxoro yahudiylari jamoasi vakili.

Asli musiqashunos Rafael Nektalov O’zbekistonda ayniqsa sport, musiqa va madaniyatga, bolalar ma’naviyati va tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganiga urg’u beradi.

“Davlat estetik tarbiya yuqori darajada bo’lishi ustida ishlamoqda. Amerikadek boy bir mamlakatda bolalarning estetik tarbiyasi bilan shug’ullanuvchi tizim yo’q. Agar iste’dodli bo’lsang, ko’tarilish uchun o’zing pul yoki biror jamg’arma topishga majbursan, ota-onang yordam berishi kerak, qiynalasan. O’zbekistonda esa san’atga mehr uyg’otuvchi ko’plab estetik markazlar mavjud va bu dasturni, mening bilishimcha, davlat rahbari nazorat qiladi”, - deydi Nektalov.

Buxoro yahudiylari jamoasi vakiliga ko’ra, har bir mamlakatning oyoqqa turishida muayyan arboblarning roli bor. Islom Karimov ana shunday shaxs va uning ichki va tashqi siyosatdagi faoliyatiga ijobiy qaraymiz, deydi u.

“O’zbekiston har bir mamlakat bilan ikkitomonlama bitim imzolovchi yagona davlatdir. U bloklarga qo’shilmagan. Hozirgi murakkab bir davrda O’zbekiston barqarorlik burchagidir. Xaritaga qarasangiz, dunyo bo’ylab ziddiyatlar, urush va beqarorlik o’chog’iga aylangan ko’plab nuqtalarni ko’rasiz. Shundagina 30 millionlik aholi yashovchi mamlakatni barqarorlashtirishga qaratilgan harakatlarning qadriga yeta boshlaysan kishi”, - deydi Rafael Nektalov.

Dunyoda shunday mamlakatlar, xalqlar borki, ularning taraqqiyoti o’ziga xos usul, siyosat talab etadi va O’zbekiston ana shunday mamlakatlar qatoriga kiradi, deb o’ylayman, deydi u. Nektalovning aytishicha, saylov natijalari xalqning o’z rahbari, uning siyosati, mamlakatdagi o’zgarishlarga bo’lgan ishonch darajasini namoyish etadi.

XS
SM
MD
LG