"Birma yangi davrga qadam qo'ydi"

  • Amerika Ovozi

Ang San Su Chining partiyasi qonun ustuvorligini ta’minlab, etnik adovatni tugatish, harbiy xunta tuzgan konstitutsiyaga tuzatish kiritish niyatida

Ang San Su Chining partiyasi qonun ustuvorligini ta’minlab, etnik adovatni tugatish, harbiy xunta tuzgan konstitutsiyaga tuzatish kiritish niyatida

Birmada parlament saylovlarning navbatdagi bosqichida demokratiya himoyachisi Ang San Su Chining partiyasi g’alaba qozongan. Tinchlik bo’yicha Nobel mukofoti sohibasi uzoq yillar repressiyadan boshi chiqmagan, inson huquqlari toptalgan mamlakat yangi davrga qadam bosdi, demoqda. Birma Osiyoning eng qoloq, yo’qsil davlati sanaladi va so’nggi paytlarda tub o’zgarishlar maydoniga aylangan.

Saylovning rasmiy natijalari bir necha kundan keyin e’lon qilinadi, biroq rahbariyat endilikda deputat Ang San Su Chini qutlay boshlagan. Birma parlamentida 664 o’rin bo’lsa, aksariyati hamon hukmron kuchlar qo’lida. Muxolif Demokratiya uchun Milliy Liga esa bo’sh qolayotgan 45 o’rindan 44 tasini qo’lga kiritdi. Bu kichik fraksiya faol, jo’shqin bo’lishi kutilmoqda.

Poytaxt Yangonda tarafdorlari oldida so’zlagan Ang San Su Chi hukumat saylov natijalaridan xulosa qilib, oddiy fuqaro xohishiga quloq tuta boshlar, deya umid bildirdi.

“Yangi davr bo’sag’asida turibmizki, bunda oddiy xalqning dardi tinglanadi, siyosat usiz yuritilmaydi”, - deydi Demokratiya uchun Milliy Liga rahbari.

“Biz emas, mamlakat siyosiy hayotiga befarq bo’lmagan fuqarolar g’alaba qozondi bugun. Nechta deputatlik kursisini egallaganimiz emas, xalq demokratik jarayonlarda qatnashishni xohlayotgani muhim”, - dedi muxolifatchi.

Hayotining 22 yilini uy qamog’ida o’tkazgan arbob boshqa siyosiy partiyalarni mamlakatni qashshoqlikdan olib chiqishda astoydil ishlashga da’vat etdi.

“Milliy birdamlik sari birga qadam tashlay olamiz, degan umiddaman. Birmada tinchlik va farovonlik qaror topishini istagan partiyalarni safga chaqiramiz”, - dedi Ang San Su Chi.

O’tgan yilgi parlament saylovlari ketidan harbiy kengash - xunta boshqaruvni tark etgan, Birdamlik va Taraqqiyot Ittifoqi partiyasini tuzib, hokimiyatni topshirgan edi. Hozirda mamlakat jilovi harbiylarga xayrixoh ana shu partiyada.

Uning nazorati ostida oxirgi paytlarda Birma keskin o’zgargan. Siyosiy mahbuslar ozod qilinib, isyonchilar bilan otishma to’xtatildi, matbuot ustidan senzura yumshab, Ang San Su Chi bilan muzokaralar olib borildi.

Yakshanba kungi saylovlarni kuzatgan xalqaro diplomatlar mamnun. Hukumat ruxsati bilan jarayonni xorijlik yuzlab jurnalistlar yoritgan.Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari ittifoqi kuzatuvchilari nazarida ovoz berish jarayoni erkin, adolatli va oshkora o’tgan. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi boshlig’i Deyvid Lipman Birmada ro’y berayotgan o’zgarishlardan mamnun.

“Bu davlatdagi muhim o’zgarishlarni olqishlab, qo’llab-quvvatlashda davom etamiz”, - deydi Yevropa rasmiysi.

Biroq ayrim kuzatuvchilar tayyorgarlik uchun o’ta kam vaqt berilganidan norozi.

Demokratiya uchun Milliy Liga 1990-yilgi parlament saylovlarida ham g’alaba qozongan, lekin o’shanda armiya hokimiyatdan ketishdan va natijalarni tan olishdan bosh tortgan.

Kechagi poygalardan so’ng esa Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Birmaga qo’yilgan ayrim iqtisodiy sanksiyalarni olib tashlashi mumkinligiga ishora qilmoqda. 20 yildan oshiq amalda qolayotgan jazo choralari bu yurtda inson huquqlari bilan bo’gliq og’ir ahvolga javobdir.

Ang San Su Chining partiyasi qonun ustuvorligini ta’minlab, etnik adovatni tugatish, harbiy xunta tuzgan konstitutsiyaga tuzatish kiritish niyatida. Hozirgi bosh qomus hukumatda harbiylar ustuvorligini kafolatlab, parlamentdagi chorak o’rinlarni armiyaga berib qo’ygan.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Osiyo Jamiyati notijorat tashkiloti, Osiyo haqida tasavvur va ta’limga urg’u beruvchi guruh rasmiysi Syuzan DiMaggio muxolifat ishi oson emas, deydi:

“Parlamentda oppozitsiya, haqiqiy oppozitsiya borligi katta gap. Menimcha, salmoqli o’zgarishlarning boshi bu”, - deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG