Birmada musulmonlarga qarshi zo'ravonlik davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Zo'ravonlik oqibatida o'z uyini tashlab ketgan Roxinja musulmonlari, 11-avgust, 2013-yil.

Zo'ravonlik oqibatida o'z uyini tashlab ketgan Roxinja musulmonlari, 11-avgust, 2013-yil.

Birmada mahalliy musulmonlarga qarshi tazyiqlar davom etmoqda. Shu hafta politsiya buddistlar bilan birgalikda Roxinja musulmonlariga hujum qilgani va natijada 60 odam halok bo’lgani haqida xabarlar paydo bo'ldi. Hukumat buni inkor etmoqda.

Prezidentning matbuot kotibi Ye Htutning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u xorij matbuotida paydo bo’lgan iddaolarni tekshirib chiqqan.

“Men bu xabarni “Associated Press” agentligida o’qidim. Shundan so’ng Ichki ishlar vaziri o’rinbosari va Rakxayn shtati politsiyasi rahbari bilan aloqaga chiqdim. “AP”da yozilgan voqea ro’y bermagan. Bizdan tasdig’ini olmay turib nega bunday xabar yozishganiga hayronman”, - deydi u.

Rasmiyga ko’ra, aksincha, qishloqda musulmonlar bilan yuz bergan to’qnashuv oqibatida bir politsiyachi g’oyib bo’lgan.

Huquq faollarining aytishicha esa, shu hafta boshida politsiya va musulmonlar o’rtasida to’qnashuv kelib chiqqani aniq.

"Arakan loyihasi" nomli inson huquqlari tashkiloti rahbari Kris Levaga ko’ra, qishloqda zo’ravonlik yuz bergani tasdiqlangan, ammo unga kim mas’ul ekani noma'lum.

“Muammo shunda. Tomonlar inkor etishga o’rgangan. Nima yuz berayotgani haqida tekshiruv o’tkazilishi kerak. Bu savolga javob berishning qiyinligi asosiy muammo. Zo’ravonlikni kim boshlaganini aniqlashimiz kerak. Agar buddistlar qilgani aniqlansa, -shunisi haqiqatga yaqinroq - ular jazoga tortilishi kerak”, - deydi u.

Rangundagi AQSh elchixonasi bo’lib o’tgan hodisa yuzasidan jiddiy tashvishda ekani haqida bayonot chiqardi.

Birmaning Rakxayn shtatida 2012-yildan beri buddistlar va musulmonlar o’rtasida tez-tez qonli to’qnashuvlar yuz berib turadi. Ixtilofda shu paytgacha 240 dan ortiq odam halok bo’ldi, 150 mingga yaqin aholi o’z uyini tashlab ketdi. Aziyat chekkanlarning aksariyati Roxinja musulmonlari ekani aytiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG