Human Rights Watch: Birmada musulmonlarga qarshi etnik tozalash ketmoqda

  • Amerika Ovozi

Okkan qishlog'ida musulmonlar buddistlar chiqargan yong'inni o'chirishga harakat qilmoqda, Birma, 1-may, 2013-yil

Okkan qishlog'ida musulmonlar buddistlar chiqargan yong'inni o'chirishga harakat qilmoqda, Birma, 1-may, 2013-yil

Birmadagi diniy zo’ravonliklar Rangun shimolida bir necha qishloqqa ham tarqalib, buddistlar va musulmonlar o’rtasidagi to’qnashuvlar natijasida ikki kishi o’lgan, yuzdan ziyod uylar, do’kon va masjidlar vayron bo’lgan.

Zo’ravonliklar Okkan qishlog’idagi baxtsiz bir hodisadan boshlandi. Aytishlaricha, yosh musulmon juvon velosipedda ketayotib, 11 yoshli buddist bolakayni urib ketgan va uning qo’lidagi idishni sindirgan. Sal o’tmay uning g’azablangan hamqishloqlari musulmonlar mol-mulkiga hujum qilib, hammayoqni chilparchin qilgan.

Vayron bo’lgan imoratlardan biri madrasa bo’lib, Laxman ismli o’qituvchi jon saqlash maqsadida yashirinishga ulgurgan. Uning aytishicha, buddistlar lopata-ketmon bilan qurollanib, hamma joyni vayron qilgan.

"Biz qarshi hujumga o’tmadik. Imom “yaxshisi, qochib, hayotingizni saqlang” dedi", - deydi mudarris.

O’tgan oy Meyktila shahridagi to’qnashuvlar natijasida o’n mingdan ziyod musulmon uyini tashlab, lagerda jon saqlashga majbur bo’ldi. Hukumat lagerga qo’riqchilar tayinlab, musulmonlarni u yerdan chiqarmayapti.

Meyktiladagi zo’ravonliklar tilla do’konida boshlangan oddiy tortishuvdan so’ng bir buddistning o’limi sabab avj oldi. Yetti nafar mahalliy musulmon uning o’limiga aloqadorlikda ayblanib, sudga tortilmoqda.

Sudda guvohlik qilgan Ashin Nantiyaning aytishicha, tayoqlar bilan qurollangan musulmonlar mototsikl mingan marhumni qattiq kaltaklagan, so’ng to’rt nafari uning ustidan benzin quyib, tiriklayin yoqvorgan.

Sudlanuvchilarga o’lim jazosi berish, musulmonlarni esa Meyktiladan haydab chiqarish kerak, dedi guvoh.

Ayblanuvchilardan biri 15 yoshda bo’lib, sudda marhumni qilich bilan urganiga iqror bo’lgan. Ammo bir necha kun o’tgach, ko’rsatmasidan voz kechib, uni bunga majburlashganini aytgan. Uning turmush o’rtog’i Zinmar Vin uyi to’polonda yonib kul bo’lganidan beri lagerda yashamoqda.

"Erim jinoyat sodir etdimi, yo’qmi, bilmayman, lekin u bilan ko’rishishga ruxsat berishmayapti. Shunga sud majlisiga qatnab, uni ko’rishga harakat qilyapman", - deydi yosh juvon.

Yetti nafar ayblanuvchi o’limga mahkum etilishi mumkin. Tilla do’konidagi g’avg’oda ishtirok etgan yana uch musulmon o’g’rilik uchun 14 yilga qamalgan.

Advokat Teyn Tan U yettovlondan ayrimlarini himoya qilmoqda. Uning aytishicha, asl qotillar to’rt kishi bo’lib, adliyadan qochib yuribdi. Mijozlarimning ba’zilari jinoyat sodir etilgan payt u yerda bo’lmagan, ular haqiqiy qotillarni tanigani uchun hibsga olingan. Ayrimlarining ismlari esa qotillarniki bilan bir xil, deydi advokat.

"Qotillarning hammasini musulmon deb o’ylayman. Ko’rinishdan mijozlarimga juda o’xshab ketadi. Hatto guvohlar ham ularni bir-biridan ajrata olmayapti", - deydi yurist.

Shaharda hali ham zo’ravonliklar alomatlarini ko’rsa bo’ladi. Musulmonlarga ko’ra, qurbonlardan 40 nafari madrasada o’qigan yosh bolalar edi.

Bu yilgi mojaro xarakteri bo’yicha o’tgan yili Arakan shtatidagi to’qnashuvlarga o’xshab ketadi. U yerda bir paytlar musulmon va buddistlar son jihatdan deyarli teng edi. Mojarodan so’ng musulmonlar hududni tashlab chiqishga majbur bo’ldi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi AQShning “Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra, zo’ravonliklar ko’lami va buddistlarning jazosiz qolayotgani mamlakatda musulmonlarga qarshi etnik tozalashlar bo’layotganidan dalolatdir.

Tashkilot vakili Fil Robertsonning aytishicha, Birmada bu odatiy holga aylangan.

"Zo’ravonlik avj olsa, politsiya indamay chetda qarab turadi, mojaroni to’xtatishga harakat qilmaydi. Ma’lum vaqtdan so’ng esa armiya ham aralashib, yana qon to’kiladi, ammo yana hech kim javobgarlikka tortilmaydi", - deydi Robertson.

Musulmonlar bilan ziddiyatlar hozircha mamlakatning ayrim hududlarida kuzatilgani bilan mojaro boshqa yerlarga ham tarqalishi mumkin. Buddist rohiblari boshlagan bir harakat dindoshlariga musulmonlar boshqarayotgan bizneslarga homiylik qilmaslikni, musulmonlardan uzoqroq yurishni tavsiya qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG