Birma hukumati Islom hamkorlik tashkilotini mamlakatga kiritmadi

  • Amerika Ovozi

Birmaning Yangon shahrida buddist rohiblar mamlakatda Islom hamkorligi tashkiloti idoralarining ochilishiga qarshi namoyish qilmoqda, 15-oktabr, 2012-yil.

Birmaning Yangon shahrida buddist rohiblar mamlakatda Islom hamkorligi tashkiloti idoralarining ochilishiga qarshi namoyish qilmoqda, 15-oktabr, 2012-yil.

Birma hukumati Islom hamkorligi tashkilotiga mamlakatda vakolatxona ochishga ruxsat bermayapti.


Birma prezidenti idorasi rasmiysi Zau Xtayning Amerika Ovoziga aytishicha, tashkilot idora ochmoqchi ekani haqida xabar tarqalgach, fuqarolar va buddist rohiblar bir necha hafta davomida norozilik namoyishi o’tkazdi.

"Xalq talab va istaklarini inobatga olgan holda shunday qarorga keldik", - deydi rasmiy.

Islom hamkorligi tashkilotiga 57 davlat a’zo. O’tgan yil yozigacha Islom konferensiyasi tashkiloti deya yuritilgan bu guruh o’tgan oy Birma hukumati bilan ikki shaharda idora ochish haqida hujjat imzolagan edi. Hukumat bugungi bayonoti bilan so’zidan qaytganiga ishora qildi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, bu hol mamlakatdagi musulmonlar hayotini yanada og’irlashtirishi mumkin. Iyun oyida buddist aholi musulmonlar bilan to’qnashib, 90 kishi o’lgan edi. Ko’p musulmonlar qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi.

Islom hamkorligi tashkiloti Birma qarorini o’zaro kelishuvdan chekinish deya baholadi, ammo bu borada rasmiy maktub olmaganini aytdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG