Bush: Siyosatdan ketdim, ammo hanuz xalq xizmatidaman

  • Amerika Ovozi

AQShning Dallas shahrida sobiq prezident Jorj Bushga atalgan yangi kutubxona ochildi. Taqdimot marosimida amaldagi prezident Obama va AQShning to’rt sobiq rahbari ishtirok etdi. Janubiy Metodist universitetida o’tgan yig’inda arboblar siyosiy tafovutlarni unutib, bir-birlarini qo’llab-quvvatladi.


Yaqin o’tmishda Amerika xalqi ilk bor besh nafar prezidentning bir sahnada turib, bir-biriga o’zaro do’stlik va hurmat bajo keltirganiga guvoh bo’ldi.

Prezident Bushni muntazam tanqid qilib kelgan Obama ham bu safar o’zidan oldingi davlat rahbarini olqishlashga qaror qildi.

“Janob prezident, xizmatlaringiz, jasoratingiz, quvnoq xarakteringiz hamda vatanga bo’lgan muhabbatingiz uchun sizga katta rahmat”, - dedi prezident Obama.

Jorj Bushning aytishicha, uning o’zi va boshqa prezidentlar oliy lavozimidan ketganidan so’ng ham xalqqa xizmat qilish ruhi bilan yashamoqda.

“Siyosatdan ketdim, ammo xalqqa xizmat qilishda davom etaman”, - dedi u.

U liderlikni otasidan o’rganganini aytadi. Yaqinda xastalikni boshidan o’tkazganiga qaramay, ota Jorj Bush ham yig’inda ishtirok etdi.

Kenja Bushning aytishicha, uning nomi bilan atalgan ilmiy markaz Amerika xalqining mulkidir. Kutubxona xalqimizning prezidentlik paytimda qabul qilgan muhim qarorlarni, terrorizmga qarshi kurash, Iroq urushi va Katrina dovulidan keyin amalga oshirilgan yordam dasturlarini tushunishda yordam beradi, dedi sobiq davlat rahbari.

Prezident Bush va Obama ma’muriyatida qishloq xo’jaligi vaziri muovini bo’lib ishlagan Nensi Jonerning aytishicha, Bush xizmatga bo’lgan sadoqati uchun hali ko’pda yodga olinadi.

“Prezident Bush o’z nutqida to’g’ri aytdi. Uning xizmati, ayniqsa, 11-sentabr voqealaridan keyingi ishlari, harbiylarga bo’lgan e’tibori hamda xalqaro maydondagi xizmati e’tiborga molik”, - deydi u.

Tadbirda ishtirok etganlar so’zga chiqqanlarni birdek qo’llab-quvvatladi. AQSh savdo vakili lavozimida to’rt yil ishlagan Dallas sobiq meri Ronald Kirk ham yig’indan ko’ngli to’lganini aytadi.

“Siyosiy tafovutlar, iqtisodiyot yoki urush kabi mavzularga bo’lgan yondashuvimizda jiddiy farqlar bor. Ammo amerikalik sifatida nimaga ishonishimiz va nimani baham ko’rishimiz oldida bular arzimas masala ekaniga bugun ishonch hosil qildik”, - deydi u.

Jayvin Singx Mali kabi talabalar uchun markaz ahamiyati faqat ta’lim bilan bog’liq emas.

“Ular bilan birga bo’lish ajoyib tajriba bo’ldi. Siyosatga qiziqqan menday odam uchun ular haqiqiy ilhom manbai”, - dedi talaba.

Jorj Bush kutubxonasi va muzeyida 70 mingdan ziyod yozma adabiyot va 80 terabayt elektron kitob jamlangan. U Milliy arxiv va qo’lyozmalar ma’muriyati tasarrufidagi 13-shunday kutubxona. Texasda esa ularning soni uchtaga yetdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG