Xomashyo sotuvchi shirkatlar aksiyalari bozori chaqqonlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Uoll Stritda "Mayda sotginu, qochib qol" degan eski ibora bor. Yil boshida kompaniya daromadi bashorat qilinadi, sarmoyachilar shunga qarab pul tikadi. Yoz oylarida savdo sekinlashishidan oldin sarmoyadorlar bahorgacha bir qarorga kelishi kerak.

Dunyo qimmatbaho qog'ozlar bozorida katta o'zgarishlar kuzatilmoqda. Yangi texnologiyalar bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar daromadi tushib bormoqda, ularning o'rnini yangicha ish uslubiga o'tgan eski sanoatlar egallamoqda. Birinchi chorakda hatto "Apple" kompaniyasining savdosi ham oldingi yillardagiday chaqqon bo'lmadi. Sarmoyadorlar xomashyo bozoriga diqqat qaratmoqda.

Ba'zi tahlilchilar nazarida bu tabiiy davriy o'zgarish. "TuttleTactical" kompaniyasi rahbari Matt Tattl bundan xursand.

“Biz energetika, metallar, tog' qazilmalari bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar aksiyalarini sotib olamiz. Quyosh energiyasi shirkatlari ham yaqinda bu ro'yxatga qo'shildi. Ammo biz biotexnologiya, texnologik kompaniyalar aksiyalari bilan ish qilmaymiz", - deydi u.

So'nggi oylarda neft va boshqa xomashyolar narxi barqarorlashgan. AQSh Federal zaxira sistemasining qisqa muddatli foiz stavkalarini o'zgartirmaslik qarori natijasida dollar zaiflashmoqda. Tattlning aytishicha, noyabr oyida prezident saylovlari o'tmaguncha, foiz stavkalari ko'tarilmaydi.

“Saylovdan oldin buni ko'rmaymiz. Yangi prezident aniqlangach, foiz stavkasi keskin ko'tarilsa, ajablanmayman. AQSh Federal zaxira sistemasi raisasi Janet Yellen prezident saylovlariga ta'sir qilishni istamas, degan umiddaman", - deydi Matt Tattl.

Odatda saylov yillari qimmatbaho qog'ozlar bozori uchun yaxshi davr bo'lgan. Tahlilchilarga ko'ra, AQShda ishlab chiqarish eski holatiga qaytmoqda, zamonaviylashmoqda.

Uoll Stritda broker Jared Dillianga ko'ra, xorijiy sarmoyadorlar buni imkon sifatida ko'rmoqda.

“Xomashyo materiallari bozoriga qiziqish kuchaymoqda. So'nggi besh yildan beri sarmoyadorlar bu jabhaga e'tibor bermay kelayotgan edi", - deydi Dillian.

Xomashyo materiallari bozorida narxlarning barqarorlashgani, texnologik kompaniyalar aksiyalariga qiziqishning susaygani hamda saylov kampaniyasi aksiyalar bozoridagi o'zgarishlarga sabab bo'layotgan omillardan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG