Breaking News

Tadbirkor ayollar: Malaka oshgan, ammo muammolar talay


Tadbirkor ayollar xalqaro anjumani
Tadbirkor ayollar xalqaro anjumani

Qirg’izistonning O’sh shahrida o’tayotgan xalqaro anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlarida tadbirkor ayollar faoliyati uchun barqaror kelajak yaratish masalalariga bag’ishlandi.

Mintaqada bizneschi xotin-qizlar uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Ishbilarmon opa-singillar qanday to’siq va muammolarga duch kelmoqda? Ular qanday orzu-umidlar bilan yashamoqda?

“Amerika ovozi” mintaqa o’lkalaridan kelgan davlat arboblari hamda tadbirkorlar ayollarning fikr-mulohazalarini o’rgandi.

Qirg’iziston parlamentining deputati Karamat Orozova asli O’zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh Botken viloyatidan bo’lib, har uch mamlakat tadbirkorlari muammolaridan yaxshi xabardor. Unga ko’ra, biznes taraqqiyoti uchun chegaralardan erkin mol olib o’tish imkoni bo’lishi lozim. Hozirda bunday imkoniyat Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi tarkibiga kirgan Qirg’iziston va Qozog’iston ishbilarmonlarida bor. O’zbekiston va Tojikiston chegaralarida esa bu o’rinda ma’lum to’siqlar mavjud.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, mintaqa biznes ahlining uchdan bir qismidan ko’prog’i xotin-qizlardan iborat.

Tojikiston tadbirkor ayollarining milliy uyushmasi rahbari Sabohat Rahimzodaning aytishicha, xotin-qizlar moliya resusrlaridan to’laqonli foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bank kreditlari baland foizda beriladi. Soliq va boj to’lovlari ham oz emas. Ustiga-ustak – jamiyatda biznes - bu ayollarning ishi emas degan tushuncha bot-bot o’zini namoyon qilib turadi. Tojikistonda bunday kayfiyatlar ko’proq aholining taqvodor qatlamlari, ayniqsa, turli diniy oqimlarga oid guruhlar orasida ko’zga tashlanadi, deydi suhbatdoshlar.

O’zbekiston tadbirkor ayollar assotsiatsiyasi rahbarlaridan biri Zuhra Rahmonovaga ko’ra, ushbu o’lkada ayollar biznesini rivojlantirish borasida maxsus davlat dasturi mavjud.

“Ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun juda past foizli kreditlar beriladi, biznesini rivojlantirish uchun berilayotgan mablag’lar ham tadbirkorga og’ir kelmaydi. Davlat dasturiga bizning assotsiatsiya tomonidan berilgan barcha takliflar kiritildi. Shunisi diqqatga sazovorki, aytilgan dastur O’zbekistonda qonun kuchiga ega bo’lib, bajarilishi shart”, - deydi suhbatdosh.

Anjuman qatnashchilari tadbirkor dugonalari malakasini oshirish, kichik va o’rta biznesda ayollar rolini kuchaytirish, chegaradosh hududlarda o’zaro savdo-sotiqni yo’lga qo’yish masalalarida taklif-tavsiyalarni o’rtaga tashladilar.

XS
SM
MD
LG