Breaking News

Markaziy Osiyo beqarorligiga sabab omillar va oqibatlari


Markaziy Osiyo beqarorligiga sabab omillar va oqibatlari
Markaziy Osiyo beqarorligiga sabab omillar va oqibatlari

Vashingtonda bu mavzuda anjuman o'tkazildi. Tahlilchilar nazarida bunday omillarni bartaraf etish mintaqadagi har bir davlat vazifasi.

Vashingtonda "Markaziy Osiyoda beqarorlik" mavzusida anjuman o'tkazildi. Amerikalik mutaxassislar beqarorlikka yetaklovchi omillar, muammo ko'lami va oqibatlarini tahlil qildi. Mintaqa Amerika diqqatini hamisha avvalambor xavfsizlik nuqtai nazaridan tortib kelgan. Bunga sabablar talaygina. Sovet Ittifoqi qulagach, mintaqada jahon xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy qirg'in qurollari zaxiralari qolgan edi. So'ng, 2001-yil 11-sentabr xurujlari sodir etilib, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda toliblarga urush e'lon qilgach, harbiy bazalarga ehtiyoj paydo bo'ldi. O'zbekiston va Qirg'izistonda AQSh va NATO aviabazalari ochildi.

Afg'oniston jahon opium manbai, Markaziy Osiyo davlatlari esa asosiy tranzit nuqtalari sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari G'arb tomonidan demokratiya oroli deya bir vaqtlar ko'rilgan Qirg'izistonda qonli davlat to'ntarishi sodir etildi. Respublikada boshqaruv tizimi izdan chiqib, iyun oyida etnik zo'ravonliklarning na oldi olindi va na aybdorlar javobgarlikka tortildi. Qo'shni Tojikistonda esa jangarilar qamoqdan qochdi, harbiylar o'qqa tutildi va vaziyat haligacha nazorat ostiga olinmagan.

Mana shularning barchasi mintaqada demokratik o'zgarishlarni amalga oshirishga umid qilayotgan Qo'shma Shtatlarni xavotirga solmoqda. Beqarorlik yirik tabiiy gaz va neft zaxiralariga ega mintaqani ta'minotchi sifatida safdan chiqarishi G'arb manfaatlariga javob bermaydi.

Vashingtondagi anjumanda diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, ijtimoiy va iqtisodiy tushkunlik, siyosiy tartibsizliklar beqarorlikka yetaklovchi omillar sifatida tilga olindi. Asosiy diqqat Qirg'izistonga qaratildi.

Jorj Meyson universitetida siyosatshunos professor Erik Makglinchi yaqinda respublikada bo'lib, janubdagi vaziyat bilan tanishdi. Uning aytishicha, aprel oyidagi g'alayon natijasida hokimiyatga kelgan muvaqqat hukumat parlamentni tarqatib yuborib, katta xato qildi. Davlat boshqaruvi sistemasi darz ketdi. Natijada janubda etnik zo'ravonliklarni to'xtatishga qodir mexanizm ishlamadi.

"Meni xavotirga solayotgan narsa shuki", - deydi olim, "Qirg'iziston janubining katta qismi markaziy hukumatga bo'ysunmaydi. Parlament saylovlari o'tmaguncha, ahvol o'zgaradi deb o'ylamayman".

Erik Makglinchining aytishicha, 10-oktabrga belgilangan saylovlargacha hech bir partiya, hech bir siyosatchi iyun voqealarini taftish qilishga botina olmaydi, aks holda qirg'iz elektorati ovozlarini ololmasligi mumkin.

Markaziy Osiyo bilan yaqindan tanish yana bir tahlilchi, Jorj Vashington universiteti qoshidagi Davlat xavfsizligi siyosati instituti xodimi Daniel Kimmij nazarida mintaqa barqarorligini ta'minlashga nafaqat unda joylashgan davlatlar, balki xalqaro hamjamiyat, xususan, Qo'shma Shtatlar ham javobgar.

"Mamlakat ichkarisida bo'layotgan jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borish kerak. Masalan, Qirg'iziston janubida mahalliy gazetalarda iyun voqealaridan oldin etnik adovatni qo'zg'atuvchi, o'zbeklarga qarshi zo'ravonlikka da'vat etuvchi maqolalarning chop etilgani ayon bo'ldi. Hech kim bunga e'tibor bermagan. Na Yevropada, na AQShda va na Rossiyada. Mahalliy matbuot tahlili o'ta muhimdir".

Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi, mintaqada diniy jarayonlarni o'rganuvchi olim Tomas Sandersonning aytishicha, Markaziy Osiyoda aholi orasida islom diniga qiziqish oshib, mintaqa hukumatlarining bunga keskin munosabati natijasida ekstremistik kayfiyat kuchayib, beqarorlikka zamin yaratilmoqda.

"Umuman olganda, din barqarorlikni kafolatlaydi, mojarolarni tinch yo'l bilan hal etishda yordam beradi. Hukumat repressiyasi esa qarama-qarshi natija beradi. Muammo islom dinida emas, hukumatlarda. Oddiy musulmonlar va diniy ekstremistlarni bir pallaga qo'yish xato siyosatdir", - deydi Sanderson.

Tahlilchi O'zbekiston va Tojikistonni nazarda tutadi.

Jorj Meyson universiteti xodimi Karen Sonders iqtisodiy va ijtimoiy omillarni ham hisobdan chiqarmaslik kerak, deydi.

Olima Tojikistonni misol tariqasida keltirar ekan, respublikada so'nggi yillarda rasmiy nikohlar 60 foizga kamayib, diniy nikohlarga o'rin berayotganini ta'kidlaydi.

"Natijada, ko'p xotinlik keng tarqalgan. Rasmiy nikohdan o'tmagan ayollar va ulardan tug'ilgan bolalar ijtimoiy himoyalanmagan, davlat tomonidan belgilangan imtiyozlardan, merosdan mahrum, ajrashish vaqtida qonuniy huquqlari yo'q. Bu ham beqarorlikka yetaklovchi omildir", - deydi mutaxassis.

Anjuman ishtirokchilari mintaqada va xususan Qirg'izistonda uyushgan jinoyatchilik kuchayganini ham alohida ta'kidladi. Ular nazarida iyun oyidagi xunrezlikka qoradori savdogarlari va uyushgan jinoyatchilar qisman aralashgan.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG