Breaking News

Markaziy Osiyoni birdamlikka undovchi yana bir tadbir, bu safar Bishkekda


2015-yilning 1-noyabrida Samarqandda Qo'shma Shtatlar va Markaziy Osiyoning besh davlati iqtisodiy taraqqiyot va mintaqaviy barqarorlik yo'lida bir yoqadan bosh chiqarishga yangidan kelishib olgan edi. Tashabbus C5+1 deya nomlangan. Bishkekda yig'ilgan rasmiylar keyingi qadamlar haqida gaplashmoqda.

Qirg'iziston poytaxtida 4-6 aprel kunlari o'tayotgan muzokaralardda savdo va sarmoya, chegara osha tijorat, transport va boj bilan bog'liq masalalar muhokamada.

AQSh Davlat departamenti bu boradagi say-harakatlarni tarixiy jarayonlar deya ta'riflaydi. Biroq mintaqaviy integratsiya zamon talabi ekani va Yangi Ipak yo'li barpo etish uchun har bir davlat konkret hissa qo'shishga tayyor bo'lishi zarurligi haqida yillardan beri bong urib kelinadi - mintaqaning o'zida va G'arbda.

Obama ma'muriyati olg'a surib kelayotgan tashabbus yangilik emas, deydi ekspertlar.

Haqiqat shuki, har biri o'zini "dunyoda tanho" deb hisoblaydigan davlatlar bir-biri bilan serqirra hamkorlikni yo'lga qo'ymas ekan, mintaqaviy tijorat, transport va aloqa rivojlanmas ekan, bu respublikalarning birortasi tom ma'noda farovonlikka erisha olmaydi, deya ta'kidlaydi siyosatdonlar.

2004-yilda imzolangan savdo kelishuvi mintaqaning besh mamlakati va Afg'oniston orasida savdoni rivojlantirishni ko'zlagan edi. Oradan 12 yil o'tib, u hali ham asosan qog'ozda. AQSh hozirda bu hujjatni qayta targ'ib qilib, tomonlarni birga yaqindan ishlashga chorlamoqda.

Nafaqat tijorat, transport va aloqa balki atrof-muhit muhofazasi, turizm, ta'lim va boshqa muhim jabhalarda ham hamkorlikni kengaytirish haqida gap ketmoqda, deydi rasmiylar.

Yozda C5+1 tashqi ishlar vazirlari uchrashishi kutilmoqda. Ma'lumki, bu yili Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikning 25 yilligini tantana qiladi.

Suveren mamlakatlar o'tgan chorak asrda mintaqaviy blokka aylana olmagani afsuslanarli hol va bugungi manzara siyosiy iroda qanchalik past ekanini anglatadi, deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'lgan mutaxassislar, xususan, sobiq diplomatlar.

Samarqanddagi ilk muloqotga raislik qilgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri fikricha, jarayon qanchalik sekin bo'lmasin, taraqqiyotdan boshqa yo'l yo'q. Qo'shnilar bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qilishga majbur. Amerika yordamga tayyor, deydi u, chunki mintaqa tinchligi va farovonligi dunyoning eng qudratli davlati manfaatlari uchun xizmat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG