AQShda prezidentlikka da'vogar: "Ubeki-beki-beki-beki-stan-stan"

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlikka da'vogar: "Ubeki-beki-beki-beki-stan-stan"

AQShda prezidentlikka da'vogar: "Ubeki-beki-beki-beki-stan-stan"

AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan 10 dan ziyod arbob da’vogarlik qilayapti. Jorjiya shtatidan tadbirkor Xerman Keyn shu kunlarda reytinglarda oldinga chiqib oldi.

Prezident saylovlari Amerikada kelasi yil 6-noyabrda bo’lib o’tadi.

Xerman Keyn 27 foiz bilan oldinda. Undan keyingi o’rinlarda Massachussetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni hamda Texas gubernatori Rik Perri.

Respublikachilar partiyasidan yagona nomzodlikni qo’lga kiritgan shaxs 2012-yilda Barak Obama bilan bellashadi.

Reytinglar lideri, qora tanli biznesmen Xerman Keynni yaqingacha ko’pchilik jiddiy qabul qilmayotgan edi. So’zga chechanligi, xususan soliqlar reformasiga doir takliflari bilan tez orada saylovchilar ko’ngliga yo’l topdi.

“Hozirgi soliq kodeksi o’ta murakkab, uni soddalashtirish kerak”, - deydi uzoq yillar o’z pitsa kompaniyasini boshqargan siyosatchi.

Xerman Keyn Amerika siyosiy sahnasida yangi bo’lsada, konservativ saylovchilar bilan tezda til topishdi.

“Yuqori soliqlarga qarshiligi bilan tanilgan, katta siyosiy nufuzga ega “Choychilar” harakati ham uni quvvatlayapti”, - deydi tadqiqotchi Piter Braun.

Xerman Keyn tashqi siyosatda tajribasi yo’qligini tan oladi. Saylansam, Isroil singari azaliy ittifoqchilar bilan aloqani mustahkamlaymiz, Eron kabi dushman davlatlarga nistaban qattiq turamiz, deydi u. Amerika saylovchilariga yoqadigan “standart gaplar”.

Tashqi siyosatning ikir-chikirlarini tushunasizmi, masalan, O’zbekiston prezidenti kimligini bilasizmi deya savolga tutilganida, Xerman Keyn hatto mamlakat nomini to’g’ri talaffuz qila olmadi.

“To’g’risini aytsam, bilmayman. Dunyodagi qandaydir bir kichik, ahamiyatsiz davlatlarni kim boshqarayotganini bilishdan nima foyda? Buni bilish Amerikada ish o’rinlari yaratishga, iqtisodiyotni ko’tarishga qanday yordam beradi?” - deya jurnalist savoliga savol bilan javob beradi Xerman Keyn.

"Kezi kelganda, o’sha mamlakatga tashrif oldidan hammasini o’qib, o’rganib oladi kishi", deya qo’shadi AQSh prezidentligiga da’vogar arbob.

Aytish joiz, Vashingtonda uzoq yillardan beri siyosat yuritayotgan odamlarning hammasi ham xalqaro masalalarni tushunmaydi va buni ko’p hollarda ochiq tan oladi.

Britaniya, Rossiya, Xitoy va boshqa yirik hamkorlar bilan yaxshi tanish, lekin boshqa davlatlarga uncha qiziqish bildirishmaydi.

Keyn bilan suhbat, ingliz tilida:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG