Qohirada namoyishlar qonli tus olmoqda

  • Amerika Ovozi

Rasmiylarning aytishicha, payshanba kuni erta tonggacha qariyb 650 jarohat olgan va uch kishi halok bo'lgan

Rasmiylarning aytishicha, payshanba kuni erta tonggacha qariyb 650 jarohat olgan va uch kishi halok bo'lgan

Misr poytaxtida prezident Husni Muborak tarafdorlari va unga qarshi bosh ko'targanlar orasida qonli to'qnashuvlar kuzatilmoqda.

Qohiradagi markaziy "Tahrir" maydonida odamlar o'q almashgan, zo'ravonlik avj olgan. Portlovchi moddalar qo'llangan. Muborakning tarafdorlari ot va tuyalarda kelib namoyishchilarga hujum qilgan.

Rasmiylarning aytishicha, payshanba kuni erta tonggacha qariyb 650 jarohat olgan va uch kishi halok bo'lgan.

Shaharda komendant soati e'lon qilingan, ammo unga ko'pchilik bo'ysunmayapti.

25 yanvarda boshlangan namoyishlar 2 fevral kunigacha tinch o'tayotgan edi. Qurolli kuchlar qozg'olonni kuzatib turgan va fuqarolarga qarshi kuch ishlatmaslikka qaror qilgan edi.

Lekin chorshanba kuni vaziyat o'zgardi. Husni Muborak xalqqa ikkinchi bor murojaat qilib, hokimiyatdan hozircha ketmasligini e'lon qilgach, uning tarafdorlari ham ko'chaga chiqqan.

AQSh Misr hukumatini zo'ravonlikka chek qo'yib, vaziyatni o'nglashga chaqirmoqda.

Oq Uy va Davlat departamenti Muborak ma'muriyati bilan gaplashib, konkret choralar ko'rishga, xalq manfaatini ko'zlab, siyosiy o'zgarishlar qilishga undamoqda.



Qohiradagi muxbirlarning xabar berishicha, harbiylar olomonni tarqatib yuborish uchun qurol osmonga o'q uzgan, suv sepgan va ko'zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan.

30 yillik rahbarning ketishini talab qilayotgan misrliklar fikricha hukumat ularga qarshi maxsus guruhlarni safarbar etgan, oddiy fuqarolar sifatida.

Muborakning tarafdoriman deyayotganlarning qo'lida xanjar, qurol va og'ir vositalar ko'rasiz.

"Tahrir" maydoni tunu kun gavjum. Yuzlab ming odamlar ko'chada.

Muxolifat yetakchisi Muhammad al-Barodiy prezident Muborakni undan to'ygan xalqni qo'rqitishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda.



Misrning yangi vitse-prezidenti Umar Sulaymon namoyishchilardan tarqalishni so'ramoqda. Namoyish tinsa, hukumat muxolifat bilan muzokara boshlaydi, deydi u.

Lekin odamlarning aytishicha, Muborak ketmaguncha qo'zg'olon davom etadi.

Muxolif guruhlardan biri, balki ular orasida eng yirigi "Musulmon Birodarlar" harakati Muborak bilan gaplashilmaydi, u ketishi kerak vassalom, demoqda.

82 yoshli Muborak bu yil sentabrida prezidentlik muddati bitgach ist'efoga chiqishini bildirgan.

Vaziyat qaltisligicha qolmoqda. Amerika bu davlatning eng yirik hamkori va Misrga yiliga 1, 5 milliard dollar yordam beradi.

Vashingtonda ko'plab siyosatdonlar nazarida Obama ma'muriyati Muborakka bosimni oshirishi va unga ochiqchasiga "lavozimdan ket" deb maslahat berishi kerak.

AQSh Kongressida bu kabi talablar allaqachon yangray boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG