Breaking News

AQShning ayrim shtatlarida xavfli kasallik tarqalgan


Vodiy bezgagi/CALIFORNIA VALLEY FEVER
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:14 0:00

Vodiy bezgagi/CALIFORNIA VALLEY FEVER

So’nggi yillarda Kaliforniya shtatining Markaziy vodiysida vaziyat ancha yomonlashdi. Ikki qamoqxonadan 3000 mahbus boshqa joyga ko’chirildi. Vodiy bezgagi deb ataluvchi xastalik nafaqat ularga balki ozodlikda yurgan fuqarolar hayotiga ham tahdid solmoqda. Vaqtida aniqlanmasa, jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Deyl Puldi Kaliforniyadagi uyini sotish niyatida. Ipoteka to’lolmasligi uchun shunday qarorga keldi. Mototsikllar bo’yicha mexanik shtatning Markaziy vodiysida tarqalgan kasallikka chalindi. Endi ishlay olmaydi.

Kasallik qattiq yo’tal bilan boshlandi. Yo’tal shu qadar kuchli ediki, Puldi bir necha marta hushidan ketgan.

“Buning ustiga badanimni ter bosardi. Doktorlar nima qilishni bilmadi. Prednizon kabi kuchli preparatlarni berishdi. Lekin ahvolim yaxshilanmadi, aksincha kundan-kunga yomonlashdi,” - hikoya qiladi u.

2010-yil oxiriga borib Puldiga vodiy bezgagi deb tashxis qo’yildi. O’shandan buyon u zamburuqqa qarshi dorilar qabul qilishga majbur. Preparatlar qimmat, bir turining bir shishasi 1000 dollar turadi.

Vodiy bezgagi yoki mutaxassislarga koksidiodomikoz nomi ostida tanilgan bu kasallikka chalingan odam organizmiga tuproq, chang orqali zamburug’ kirib tarqaladi.

Shaharlar kengaygan sari bemorlar soni ham ko’paymoqda. Kasallik Kaliforniyaning Markaziy vodiysida, Arizona va ayrim boshqa shtatlarda hamda Lotin Amerikasida ko’p uchraydi.

Doktor Robert Kaplan yuqumli kasalliklar bo’yicha mutaxassis. Bemorlarning yarmida hech qanday simptom kuzatilmasligini aytadi. Boshqalari esa qattiq og’riq va isitmadan aziyat chekadi. Ayrim bemorlarda o’pka xastaliklari kuzatilsa, kasallarning bir foizdan kamrog’ida jiddiy asoratlar qayd etiladi.

“Eng jiddiysi meningit bo’lib, miya va umurtqaga ta’sir qiladi. Bu holda kasallikning bemor uchun asoratlari nihoyatda og’ir bo’ladi,” - deydi shifokor.

Vodiy bezgagi o’lim bilan tugashi mumkin.

Xastalik immun tizimi zaif bo’lgan odamlarda eng og’ir kechadi. Shuningdek ayrim irqiy guruhlar vakillarida. Buning sababi hozircha noma’lum, deydi doktor Kler Panosian Danavan:

“Filippinliklar, afrikaliklar, amerikalik hindilar, ispanlar hamda osiyoliklar”.

Ayni vaqtda sog’lom odamlar ham xastalikka chalinishi mumkin, xuddi siettlik Sheron Filip kabi. U Arizonaga mehmonga borganda kasallikni yuqtirdi.

Sheron o’g’li Devid bilan “Vodiy bezgagidan qutulganlar” deb nomlangan internet sahifasini ochgan. U “Amerika Ovozi” bilan “Skype” orqali gaplashdi:

“Kasallikka chalinganimda soyadek bo’lib qoldim. Undan oldin immunitetim mustahkam edi. Hech kasal bo’lmasdim. Dori ham ichmasdim”.

Veb-saytda Sheron Filip tashxis qo’yilganidan keyin qanday muolajalar olganini, hayot uchun kurashganini batafsil yozadi. Xastalikka yetarli e’tibor berilmayapti, deydi.

Doktor Danavan bu fikrga qo’shiladi:

“Ammo birinchi navbatda bemor va shifokorlar bu kasallik haqida yetarli ma’lumot olishi, uni tezda aniqlashni o’rganishi kerak. Tezda muolaja boshlash ham juda muhim”.

Vodiy bezgagiga hozircha shifo yo’q. Kasallikka qarshi kurashning yagona yo’li vaqtida tashxis qo’yish, deydi shifokorlar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG