Breaking News

Kaliforniya bandargohlaridagi tirbandlik odamlarni sovg'asiz qoldirishi mumkin


Long-Bich bandargohi, Kaliforniya
Long-Bich bandargohi, Kaliforniya

AQSh va Osiyo o’rtasidagi savdoda Janubiy Kaliforniyaning Los-Anjeles va Long-Bich portlari muhim rol o’ynaydi. Har kuni bu ikki port orqali bir milliard dollarlik tovar olib o’tiladi. Ammo bayram mavsumidan oldin ish turib qolgan, portlar tirband.

Rojdestvo yaqinlashar ekan, tadbirkor Lian Lian uchun yilning eng daromadli payti. Ammo mahsulotlarni mijozlarga yetkazishning doim ham imkoni bo’lmayapti.

"Mijozlarim tovarga muhtoj, ammo yukni ololmayapman. Nima qilishni bilmayapman”, - deydi u.

Lian oy boshida portga kelib tushgan yukini haligacha olgani yo’q. Odatda bunga ikki kundan bir haftagacha vaqt ketadi. Endi esa qachon olishini bilmayapti. Long-Bich porti mutasaddilariga ko’ra, tirbandlikka bir necha sabab bor.

Muammolardan biri konteynerlar ortiladigan shassilarda. Bandargoh xodimi Li Petersonning aytishicha, yuk mashinalari konteynerlarni tashishi uchun shassilar yetarli emas.

“Yaqin ikki yilgacha shassilar yuk jo’natadigan kompaniyalarga qarashli edi, biroq keyin bu shirkatlar ulardan voz kechib, shassilar endi kema flotlari qaramog’iga o’tdi. Ular esa shassilarni terminallardagi yuk mashinalariga vaqtida uzatish tizimini yo’lga solgani yo’q hali”, - deydi Peterson.

Yana bir muammo shuki, konteyner tashuvchi kemalar oxirgi yillarda 50 foizga kattalashdi. Demak, ular endi ko’proq konteyner ham sig’diradi. Biroq ularni tashish uchun yuk mashinalari haydovchilari yetishmaydi, deydi Kreg Merrilis, kasaba uyushma a’zosi.

“Ish sharoiti juda yomon, kam haq to’lashadi, muammolar shu qadar jiddiyki, ishchilar ko’p turmasdan ketib qolyapti”, - deydi Merrilis.

Yuk mashinasi haydovchisi Martin Solis ham ishdan ketishni o’ylayapti. Uning aytishicha, yukni portda tushirishga ikki soatdan to’rt soatgacha vaqt ketadi.

“Ammo kecha bu ish to’qqiz soatga cho’zildi”.

Yuk tashuvchi kompaniyalar manfaatlarini himoya qiluvchi uyushma va port ishchilari kasaba uyushmasi o’rtasida kechayotgan kontraktga doir muzokaralar ham ishni sekinlashtirmoqda, deydi haydovchi Solis.

“Uyushmadagi haydovchilar ishni ertalab soat sakkizda boshlashi kerak. Ammo ular ishga 8:45 da kelishadi”, - deydi u.

Tinch okeani dengiz uyushmasi yuzlab layoqatli ishchilarni portlarga jo’natishdan bosh tortmoqda, bu esa kemalarning to’planib qolishiga yana bir sabab. Biroq uyushma bu ayblovni rad etadi.

“Ular bo’rttirib, yolg’on so’zlab uyushmani aybdorga chiqarmoqchi. Aslida esa tirbandlikka shu sanoat vakillari va ularning xizmatchilari aybdor”, - deydi Merrilis.

Dengiz uyushmasining bildirishicha, bayramdan oldin hududdagi boshqa portlar kasaba uyushmalari ham ishni sekinlashtirgan. Biroq port mutasaddilarining aytishicha, yilning bu paytida bayram yuklarining katta qismi allaqachon omborlar va do’konlarga tarqatib chiqilgan. Lian Lian esa tovarlarini o’z vaqtida olishdan hanuz umidvor.

“Mening yukim yetib kelgani yo’q hali. Bayramdan keyin esa bu narsalarni sotishdan foyda yo’q, hech kim olmaydi”.

Kontraktga doir muzokaralar tugamas yoki boshqa muammolar bartaraf etilmas ekan, Lianning kutishdan boshqa iloji yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG