Kaliforniya - iqtisodiyoti tez o'sayotgan shtat

  • Amerika Ovozi

2009-yilgi moliyaviy inqirozdan beri AQSh iqtisodiyoti o’zini ancha tiklab oldi. Qurilish kabi sohalarda o’sish yuqori, ammo ish o’rinlari hanuz kam. Taraqqiyot sur’ati mamlakatdagi o’rtacha darajadan ancha yuqori bo’lgan shtatlardan biri bu Kaliforniya. Behzod Muhammadiy hikoya qiladi.
Uy-joy sotuvchisi Rozali Anderson yangi imoratlardan biri million dollardan ko’proqqa sotilishiga umid qilmoqda.

“Juda qiziq. Ofisda o’tirib sheriklarimizdan so’raymiz. Bu odamlar shuncha pulni qayerdan olishyapti? Menimcha, odamlar bugun eng yaxshi investitsiya – mol-mulk ekanini yaxshiroq tushunyapti”, - deydi u.

Kaliforniya iqtisodiyoti o’tgan yili 3,5 foiz o’sdi. Bu mamlakatdagi o’rtacha rivojlanishdan bir foizga ko’p.

Ammo vaziyat hamma joyda ham ijobiy emas. Los-Anjeles Iqtisodiy taraqqiyot korporatsiyasi mutaxassisi Robert Kleynxenzning aytishicha, o’sish, asosan, port shaharlarda.

“Portlardagi savdo hanuz inqirozdan oldingi 2007-yil darajasiga yetgani yo’q. Yildan yilga vaziyat yaxshilanyapti, ammo hali qiladigan ishlar ko’p”, - deydi iqtisodchi.

Ammo futbolka va shippak sotadigan mana bu kichik kompaniyaning ishlari yaxshi. Genri Vong Xitoydan keltirilgan arzon bezakli matolarni sotadi. Savdo sust bo’lgan mahal uning xodimlari soni ham kamayadi.

“Ish kamroq bo’lsa, menga ham oson. Chunki o’zim ham ishlayman. Ba’zan iqtisodiyot zaif bo’lgan paytda biz ko’proq ishlaymiz”, - deydi Vong.

Bugungi holatdan u mamnun. AQShning o’zini qayta tiklashida axborot texnologiyalari sohasining o’rni muhim. Ammo Kaliforniyaning Silikon vodiysida ham vaziyat turlicha. Kisko kompaniyasi, savdo yaxshi bo’lishiga qaramay, 4000 odamini bo’shatishga qaror qildi.

Mehmonxona va xizmat ko’rsatish sektorlarida o’sish yaxshi. Banklar va professional xizmatlar faoliyat doirasini kengaytirmoqda. Kaliforniyaning 44 milliard dollarlik agrar xo’jaligi ham o’sishda davom etmoqda. Shtatda ishsizlik darajasi hozir 8,7 foizga tushgan, uch yil oldin 12 foiz edi. Amerika bo’ylab ishsizlik hozir 7,4 foiz bo’lib, bu raqam ham sekin-asta kamayib bormoqda.

Iqtisodchi Robert Kleinxenz vaziyat hanuz ko’ngildagidek emasligini aytadi.

“Ishsizlik kamaymoqda. Yalpi ichki mahsulot o’syapti. Muammo shundaki, iqtisodiyotning o’sishi biz kutgandan ko’ra sustroq”, - deydi u.

“Walmart” do’konlar majmuasi bu oy savdo ko’rsatkichlari ancha sust bo’lganini e’lon qildi. Bu Kaliforniyadek baquvvat shtatlarda ham vaziyat hanuz barqaror emasligini ko’rsatadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG