"Islomiy davlat" Kaliforniyadagi hujumchilarni tarafdori deb tilga oldi

  • Amerika Ovozi

Tashfin Malik va Said Faruk

Tashfin Malik va Said Faruk

"Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasi AQShning Kaliforniya shtatida qatliom sodir etgan odamlarni o'z tarafdorlari deya ta'riflamoqda. Guruh 14 kishi o'lgan voqeaga ilk bor izoh berdi, ammo hujumda qo'li borligini da'vo qilgani yo'q.

Er-xotin Said Faruk va Tashfin Malik nogironlarga xizmat ko'rsatuvchi tashkilot binosida o't ochib, so'ngra politsiya bilan otishmada halok bo'lgan. Voqea Federal qidiruv byurosi tomonidan terakt deya baholanmoqda.

Byuro direktori Jeyms Komi so'zlariga ko'ra, Tashfin Malik Facebookdagi sahifasi orqali "Islomiy davlat" guruhiga bay'at keltirgani ma'lum.

Hujumni ular o'z xohishi bilanmi yoki biror guruhning buyrug'i bilan amal oshirganmi, bu tekshirilyapti.

Hujumchilar ijarada turgan kvartirani kecha jurnalistlar kirib ko'rdi. Xonalar ostin-ustun, kompyuter, boshqa elektron jihozlar, minglab dona patron va qo'lbola bomba yasaydigan ashyolarni politsiya olib ketgan. Buyumlar orasida kiyim-kechak, o'yinchoqlar va Qur'on kitoblariga ko'zingiz tushadi.

28 yoshli Said Faruk pokistonlik oila farzandi, lekin Amerikada tug'ilgan, sanitariya bo'yicha inspektor bo'lib ishlagan. Uning xotini Tashfin Malik 27 yoshda, Pokistonda tug'ilgan va bilim olgan, 20 yil Saudiya Arabistonida yashagan. Oilaning olti oylik qizi bor.

Er-xotin shifokor oldiga ketayapmiz deb, bolani buvisining uyida qoldirib, avtomatlar bilan bazm bo'layotgan joyga chiqib ketishgan. O'lganlarning barchasi Said Faruk bilan ishlagan odamlar, ya'ni uning hamkasblari.

San-Bernardino hokimiyatida Farukni taniganlar uni dindor, ammo samimiy va liberal qarashdagi bir odam edi deb eslashadi. Yosh juftlikni qatliomni sodir etishga nima undagani noma'lum.

Said Faruk va Tashfin Malik yashagan uy

Said Faruk va Tashfin Malik yashagan uy

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG