Breaking News

Iroqdagi “Xalifa Ibrohim” kim?


“Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhi Iroq va Suriyadagi o’zi egallab olgan hududlarda Islom xalifaligi tuzilganini e’lon qilib, guruh rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiyni butun musulmon ummati uchun xalifa etib tayinladi. “Xalifa Ibrohim” nomini olgan Bag’dodiy aslida kim?

AQSh 43 yoshli bu shaxsni “Iroq va Shom islomiy davlati” jangari guruhining rahbari va “alohida ro’yxatga olingan terrorchi” deb biladi. Jangarilar uchun esa u yangi tug’ilgan islomiy davlatning yetakchisi va xalifadir.

Bag’dodiy 1-iyul kuni e’lon qilgan audiomurojaatida G’arbni qoralab, musulmon ummatini qo’liga qurol olishga va Iroqqa kelib, jihodga qo’shilishga da’vat etdi.

Niqobdagi shayx?

Bag’dodiy o’z shaxsini jamoatchilikdan sir saqlashga urinishi haqida gaplar bor. Hatto u o'z qo’mondonlari bilan uchrashuvlarda ham yuziga niqob taqib olishini aytishadi. Ammo bu gapning qanchalik haqiqat ekani noma’lum.

Bag’dodiy haqida ma’lumotlar juda kam. Jangari guruh so’zlovchisi Abu Muhammad Al-Adnaniy xalifalik tuzilgani haqida ommaga e’lon berganda, yangi xalifaning haqiqiy ismini to’liq tilga oldi: Ibrohim bin Avad al-Badriy al-Radaviy al-Husayniy al-Samarra.

"Xalifa Ibrohim" nomini olgan iroqlik Abu Bakr al-Bag'dodiy
"Xalifa Ibrohim" nomini olgan iroqlik Abu Bakr al-Bag'dodiy

Qudratga kelishi

2010-yilning aprelida AQSh harbiylari uyushtirgan hujumlarda Al-Qoidaning Iroqdagi yetakchilari Abu Ayyub al-Masriy va Abu Umar al-Bag’dodiy o’ldirildi. Shundan so’ng guruh Abu Bakrni o’zining yangi rahbari deb e’lon qildi.

Oradan ikki yil o’tib qilgan murojaatida Bag’dodiy Iroqda “Devorlarni buzish” kampaniyasini boshlaganini ma’lum qildi. Urush tadqiqotlari instituti ma’lumotiga ko’ra, ushbu harakatda, asosan, hibsdagi “Al-Qoida” a’zolarini ozod qilish hamda Iroqdagi boy berilgan hududlarni qayta nazoratga olish ko’zda tutilgan. Guruh kampaniya doirasida bir qator muvaffaqiyatli hujumlarni amalga oshirdi. Masalan, 2013-yil iyulda Iroqning mashhur “Abu G’arib” qamoqxonasiga hujum qilinib, yuzlab mahbuslar ozod qilindi.

Suriyada urush boshlangach, “Al-Jazira” telekanali xabariga ko’ra, Bag’dodiy chegara ortiga o’z vakilini jo’natib, u yerda Assad rejimiga qarshi kurashda ko’maklashish uchun “Jabhat al-Nusra” guruhini tuzgan. 2013-yilga kelib Bag’dodiy rasman “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhini tuzdi. “Al-Qoida” uni tan olmasligini ma’lum qildi.

“Mukammal” nomzod

Izdoshlari Bag’dodiyni yetakchilik va xalifalik uchun “eng mukammal nomzod” deb bilishadi. Bag’dodiyning internetda mavjud tarjimai holida yozilishicha, u Samarra shahrida dindor oilada tug’ilgan, Bag’doddagi Islom universitetidan islomiy fanlar bo’yicha doktorlik darajasiga ega. Da’vatchilik bilan shug’ullangan Bag’dodiy aqida, tarix, fiqh kabi shar’iy ilmlarga ega ekani aytiladi.

Bag’dodiy, shuningdek, o’zini arablarning Quraysh qabilasidan ekanini da’vo qiladi. Shariat qoidalariga ko’ra, xalifa payg’ambar Muhammad mansub Quraysh qabilasidan bo’lishi lozim.

Siyosatni o’rganuvchi Potomak instituti tadqiqotchisi Tavfiq Hamidning aytishicha, Bag’dodiy taqvodor musulmonlarni o’ziga jalb etish uchun islomiy manbalar asosida “ichki va tashqi jihod” haqida gapiradi.

Tahdid ostidagi hududlar

Yangi xalifalik islom ummati tarixda egalik qilgan barcha hududlarga da’vogarlik qilmoqda.

Yaqin Sharq siyosati bo’yicha Vashington institutining harbiy tahlilchisi Maykl Eysenstadtning aytishicha, guruh Iordaniya, Saudiya Arabistoni va Livanga ko’z tikmoqda. Unga ko’ra, nishondagi birinchi davlat Livan bo’lishi mumkin.

“Guruh nomidagi Shom so’zi o’z ichiga Suriyani, xususan, Livanni ham qamrab oladi”, - deydi u.

“Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi mintaqada o’zining asosiy dushmani sifatida Eron qo’llab-quvvatlovi asosida harakatlanuvchi shialarning “Hizbulloh” guruhini ko’radi. Shuning uchun uning Livanda “Hizbulloh” bilan to’qnashishi ehtimoli yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG