Turkiyada hukmron partiyadan norozilik kuchaygan

  • Amerika Ovozi

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an

Turkiyada shu yilning iyul oyida hukumatni ag'darishga urinishdan beri o'n minglab odam hibsga olindi va aksariyati hali ham qamoqda. Lekin nishondagilarning birortasi hukmron partiya vakillari emas. Vaholanki, iyul voqealari ortida turgani gumon qilingan diniy rahnamo Fathulla Gulen bir paytlar "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi bilan apoq-chapoq edi.

Gulen va partiya a'zolari orasida bugungacha ham o'ziga xos rishtalar bo'lishi mumkin. Mana shunday fikrda yurgan turklar Prezident Rajab Toyib Erdog'andan norozi.

14-oktabr kuni 189 sudya va prokuror qamoqqa olinsin degan buyruq berildi. Armiya, ta'lim va adliya tizimlaridan bugungacha 30 mingdan oshiq odam hibsda.

Erdog'an deydiki, Gulenning tarafdorlari butun sistemani egallab olgan edi. Tuzum ulardan tozalanadi, deydi prezident.

Nega unda Erdog'an o'z partiyadoshlarini ham qamoqqa olmayapti deya so'raydi muxolifat.



Tergov

Respublika Xalq Partiyasining ko'zga ko'ringan a'zosi Selin Sayek Boke nazarida hozirgi tergov adolatsiz.

"Erdog'an o'z partiyasini ham tozalasin",- deydi Boke xonim.

"Biz Gulenga bir paytlar hamma narsa berganmiz, muhayyo qilganmiz",- deydi Erdog'an Gulen haqida so'zlar ekan.

Lekin "Adolat va Taraqqiyot" hamda Gulen harakatining o'xshash jihatlari ko'p. Ular davlatchilikda din muhim rol o'ynashini xohlaydi. Dunyoviylik tarafdorlari shu bois ham ularga qo'rqinch va xavotir bilan qaraydi. Erdog'an ham, Gulen ham aslida Turkiya demokratiyasiga tahdid solib kelayotgan liderlar, deya bildiradi din davlat ishiga aralashmasin deb kelayotgan muxolif guruhlar.

Tergovchilarning bayon qilishicha, iyuldagi "davlatni to'ntarishga urinish" aynan Gulen tarafdorlari tomonidan amalga oshirilganini isbotlovchi texnologik dalillar bor. Ulardan biri “Bylock” degan mobil programma ekani da'vo qilnmoqda. Gulen bu iddaolarni inkor etadi.



Ikki yuzlamachilik?

Milliy Harakat Partiyasi rahbari Devlet Bahcheli hukumatni tanqid qilar ekan, shunday savolni o'rtaga tashlaydi: nega "ByLock" ni ishlatgan oddiy xodim hibsga olinib, uning boshlig'i erkin yuribdi? Vaholanki, boshliq ham bu programmani ishlatgan. U "Adolat va Taraqqiyot" partiyasining odami ekani uchun ozod, deydi siyosatchi.

Bahcheli nazarida Erdog'dan Turkiyani diktaturaga aylantirmoqchi - qo'rqinch va terrorga asoslangan tuzumga.

Bosh vazir Binali Yildirimning bayon qilishicha, Erdog'an Turkiyani parlament boshqaruvidan prezident boshqaruviga o'tkazish rejasida qat'iy. Bu esa Erdog'anni dunyo ko'zi oldida avtoritar rahbar sifatida namoyon etmoqda.

"Adolat va Taraqqiyot"

"Adolat va Taraqqiyot", qisqacha AK deb tanilgan partiya ichida aslida Gulen odamlari ko'p ekani aytiladi. Ikki yirik shaharning meri, 5-6 vazir, partiya liderlaridan kamida 60 nafari gulenchidir, deya xabar tarqatdi yaqinda chiqqan bir rasmiy hisobot.

Siyosatdonlar deydiki, Erdog'an o'z partiyasiga ham ko'p ishonmay qo'ygan, chunki biladiki, safdoshlari orasida Gulenni yoqtiradiganlar ko'p. Ularning hammasining izidan tushish Erdog'anni zaiflashtiradi. Bu tergovlar partiyani qayerga yetaklaydi?

Erdog'an o'zi alohida maxsus tekshiruv olib bormoqda, deydi vaziyat bilan yaxshi tanish manbalar. Prezident o'z dushmanlarini ayamaydi, hatto ular o'z partiyasi tepasidagi odamlar bo'lsa ham.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG