Kamerunda musulmon va nasroniylar Boko Haramga qarshi birlashdi

  • Amerika Ovozi

Kamerun masjidida

Kamerun masjidida

Kamerun masjidlariga Boko Haram terrorchilari hujumlar uyushtirganidan keyin nasroniylar namoz paytida masjidlarni qo’riqlay boshladi, musulmonlar esa cherkovlarni ibodat vaqtida himoya qilmoqda.

Hujumlarning beshinchisi Nigeriya bilan chegara yaqinidagi masjidda ro’y berdi. Bir o’smir o’zini portlatgan.

Boko Haram guruhi nafaqat cherkov, maktab va bozorlarni, balki masjidlarni ham nishonga olmoqda. Bu esa kamerunliklar orasida birdamlik hissini kuchaytirib, ularni umumiy dushmanga qarshi birgalikda kurashishga undamoqda.

Kamerunning Nigeriya bilan chegarasi yaqinidagi Mozogo shahridamiz… Musulmonlar bomdod namoziga yig’ilmoqda. Mahalliy aholidan tuzilgan drujina a’zolari notanish odamlarni masjidga kiritmayapti.

Ular orasida 55 yoshli Jak Mabali ham bor. U nasroniy, yevangelchi lyuteran cherkoviga qatnaydi. Musulmon birodarlarga yordam berish kerak, degan da’vatlarni ma’qullab, bu yerga kelgan.

“Mamlakat tinchligi, ravnaqi uchun bu ishni qilyapman. Nasroniy sifatida mening burchim – beva-bechoralarga yordam berish. Kamerunda shunday zo’ravonliklar borligi ayanchli hol”, - deydi Jak.

Ibrohim Moktar - Mozogo musulmonlari yetakchisi. Ular ham ibodat paytida cherkovlarni qo’riqlaydi, chunki jangarilar nasroniylarni ham tinch qo’ymayapti.

“Men Allohdan Kamerunni Boko Haram balosidan asrashni so’rayman. Shuningdek, nasroniy va musulmonlarni ham asrashni so’rayman, chunki hammamiz qardoshmiz. Oilamizda nasorolar ham, musulmonlar ham bor. Ibodat qilish bilan cheklanmasdan terrorizmga chek qo’yish uchun qattiq ter to’kishimiz kerak”, - deydi Moktar.

Nigeriya asoslangan Boko Haram terrorchi guruhi, mana uch yildirki, Kamerunda ham faol. Bu davr ichida o’g’rilik, qotillik, maktab, bozor va cherkovlarni yoqish – mahalliy aholi hammasiga guvoh bo’ldi. 2015-yil dekabr oyida Boko Haram a’zosi deb gumon qilinganlar Kamerunda xalifalik yaratamiz deb masjidlarga hujumlar boshladi.

Kamerun rasmiysi, gubernator Midjiyava Bakari nasroniy va musulmonlarning terrorchi guruhga qarshi bir yoqadan bosh chiqarganini olqishlab, boshqalarni ham o’rnak olishga da’vat etmoqda.

Kamerunda 23,7 million aholi yashaydi. Ulardan 40 foizi – nasroniylar, 20 foizi – musulmonlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG