"Sentabrning 13 kuni" - Isroil va Misrni yarashtirgan sammit tarixi

  • Amerika Ovozi

Kemp Deyvid, 26-mart, 1979. Misr prezidenti Anvar Sadat va Isroil Bosh vaziri Menaxem Begin tinchlik bitimi imzolagan. AQShning o'sha paytdagi prezidenti Jimmi Karter vositachilik qilgan.

Kemp Deyvid, 26-mart, 1979. Misr prezidenti Anvar Sadat va Isroil Bosh vaziri Menaxem Begin tinchlik bitimi imzolagan. AQShning o'sha paytdagi prezidenti Jimmi Karter vositachilik qilgan.

Yaqinda 90 yoshini qarshilagan Jimmi Karterning prezidentligi tarixiy voqealarga boy bo’lgan. Tehronda AQSh elchixonasi xodimlari garovga olingani bir misol.

1979-yilda Isroil va Misr o’rtasida imzolangan tinchlik bitimi Karterning katta yutuqlaridan biri sanaladi. AQShning Kemp Deyvid prezident qarorgohida kechgan muzokaralar haqida yaqinda bir kitob chiqdi.

Yozuvchi Lorens Rayt 2001-yilgi terror xurujlari haqidagi kitobi uchun Pulitzer mukofotiga sazovor bo’lgan. “Al-Qoidaga sayohat” nomli sahna asari ham el orasida shuhrat qozongan. 2011-yilda sobiq prezident Jimmi Karterning maslahatchilaridan biri adibga telefon qilib, tarixiy asar yozishni taklif qiladi.

“Uning mohiyati shu ediki, nasroniy, musulmon va yahudiy bir xonada 13 kun davomida muzokara qilib, oxir-oqibat tinchlikka kelishib oladi”, - deydi Rayt.

Kemp Deyvid sammiti haqida gap ketmoqda. Misr prezidenti Anvar Sadat va Isroil Bosh vaziri Menaxem Begin 1979-yili AQSh prezidenti qarorgohida yuzma-yuz uchrashadi. Adovat va ishonchsizlik sabab muzokaralar bir necha bor to’xtab qolgan, ammo Karterning qistovi bilan davom etgan.

"Nazarimda, azaliy dushmanlar bir-birini tushuna oladi, quloq tutadi, deb ikki arbobni yopiq eshiklar ortiga qo’yish soddalik bo’lgan”, - deydi adib.

Sobiq prezident Jimmi Karter so'zlariga ko'ra:

“Soddalik edi, to’g’ri. Lekin ham Isroil, ham Misr xalqlari, qolaversa falastinliklar tinchlikka zor ekanini bilardim”.

Karter boshlagan tashabbus diplomatik mahorat va bardosh talab qilgan, deydi uning rafiqasi.

“Kemp Deyvidda 13 kun juda keskin o’tgani esimda. Murosaga erishdik deganda hammasi barbod bo’lardi. Delegatsiyalar sammitni tark etishga hozir edi”.

Sobiq vitse-prezident Volter Mondeylga ko’ra, Karter ma’muriyati butun e’tiborini shu masalaga qaratib to’g’ri ish qilgan.

“Isroil va arab dunyosini yarashtirgan yagona kelishuv deb haligacha tilga olamiz”, - deydi u.

Loren Rayt Kemp Deyvidda bo’lgan voqealarni sahnalashtirdi va asar yaqinda Vashingtonda namoyish etildi.

Adibning aytishicha, 1,5 soatlik tomosha AQSh diplomatiyasining eng muvaffaqiyatli sahifalarini baribir to’la qamrab ololmaydi. Chuqur izlanib, muzokarani tasvirlab bergan kitoblar deyarli yo’q.

"Kemp Deyvid haqida izlanib xulosaga keldimki, aslida bu haqda uncha ko’p bilmaymiz. AQSh nizolashayotgan tomonlar orasiga tushib, vositachilik qilib, natijaga erishgan holatlar kam bo’lgan”, - deydi Rayt.

“Sentabrning 13 kuni” kitobida Karterning diplomatik g’alabasi ipidan ignasigacha tasvirlab berilgan. Asar Yaqin Sharqdagi bugungi jarayonlar fonida nashrdan chiqdi.

“Odamlar masalaga kengroq qarasin deyman. Ko’pincha Yaqin Sharq haqidagi fikrlarimiz o’zgarmas, qotib qolgandek”, - deydi muallif.

Kitobim va sahna asarim dunyo jamoatchiligiga Kemp Deyvid muzokaralarini ochib beradi degan umiddaman, deydi Rayt. Asarni Nyu-York sahnalarida ham qo’yish rejada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG