Saylov-2016: Prezidentlik poygasida AQShda kim oldinda, kim orqada?

  • Amerika Ovozi

Nebraska shtati

Nebraska shtati

AQShda prezidentlikka nomzodlarni saralash jarayoni 1-fevral kuni Ayova shtatidan boshlanadi.

Respublikachilar partiyasidan 11 da’vogar bo’lsa, reytinglarda milliarder biznesmen Donald Tramp hamda Texas shtatidan AQSh senatori Ted Kruz oldinda ketmoqda; Demokratik partiyadan esa sobiq davlat kotibasi Xillari Klinton va senator Berni Sanders.

Tramp Alyaska shtati sobiq gubernatori, vitse-prezidentlikka nomzod bo’lgan Sara Peylinning quvvatlovini olgani unga qo’l kelishi mumkin.

Eng konservativ qarashdagi saylovchilarni o’z ichiga Choychilar harakatida Peylinning nufuzi baland. U Donald Trampni qo'llayotgani Ted Kruzga zarba bo’ldi, deydi sharhlovchilar.

Saylov mavsumini boshlab beruvchi Ayova shtatida milliarder tadbirkorga saylovchilarning 37 foizi, Kruzga esa 26 foizi ovoz berishini aytgan. Floridalik senator Marko Rubio 14 foiz bilan uchinchi o’rinda.

Donald Tramp raqiblariga qarshi siyosiy reklamalarni kuchaytirar ekan, senator Kruz injilchi nasroniylarni o'z tomoniga jalb etishga harakat qilmoqda. Respublikachilar partiyasining muhim qismini tashkil etuvchi taqvodorlar Ayovada katta kuchga ega va har bir saylovda ovoz berishga chiqadi.

Kruz tarafdorlari tashkiliy jihatdan puxtamiz, deydi. Noqonuniy immigratsiyani kampaniyasining bosh mavzusiga aylantirgan Donald Trampning yig’inlari odatda katta dabdaba bilan o’tadi, lekin unga ergashayotganlar ovoz berishga chiqadimi, yo’qmi, aniq emas.

“Saylovchilarga Tramp haqiqatan yoqadi, ammo respublikachilarga Xillari Klintonni mag’lub eta oladigan nomzod kerak”, - deydi tahlilchi Jon Fortye.

Prezidentikka demokrat nomzodlar orasida ham poyga qizg’in davom etayapti. O’zini sotsialist-demokrat deb ta’riflovchi senator Berni Sanders Ayova va Nyu-Gempshir shtatlaridagi so’rovlarda Klintondan o’zib ketdi.

Televizion reklamalarda Klinton tashqi siyosat bobidagi tajribasini e’tirof etsa, Sanders progressiv qarashdagi fuqarolar, ayniqsa, yoshlar ko’nglini ovlamoqda.

Sobiq vazira Kongressdagi respublikachilar bilan ishlay olishini, agar Sanders prezident bo’lsa, o’rtahol oilalar uchun soliqlar oshishini da’vo qiladi.

Sandersga ko’ra, Klintonning gaplari safsata.

“Prezident bo’lsam, tibbiy xizmatlarning barcha uchun bepul bo’lishi uchun, boy va kambag’allar o’rtasidagi tafovutni kamaytirish uchun, AQShning boylar foydasiga xizmat qiladigan moliyaviy tizimini o’zgartirish uchun kurashaman”, - deydi senator.

Prezident saylovlari shu yilning 8-noyabrida o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG