Saylov-2016: Terrorizmga qarshi kurash yuzasidan bahslar

  • Amerika Ovozi

Prezidentlik uchun nomzodlar Kaliforniyada yuz bergan otishma ketidan “Islomiy davlat”ga qarshi kurash borasida bahslarga zo’r bermoqda.

Demokratlardan yetakchi nomzod Hillari Klinton Iroq va Suriyada jangarilarga qarshi havo kampaniyasini yanada kuchaytirish tarafdori. Uning aytishicha, AQSh kurashda ko’proq mahalliy kurd va sunniy ittifoqchilar yordamiga tayanishi kerak. Ammo Prezident Barak Obama kabi Klinton ham mintaqaga Amerka piyoda qo’shinlarini jo’natishga qarshi.

“Bu vaziyatni yanada yomonlashtiradi”, - deydi demokrat nomzod.

U, shuningdek, Facebook, Twitter va Youtube kabi ijtimoiy tarmoqlarni jangarilarning onlayn faoliyatiga qarshi kurashishga chaqirdi.

“Ularning bu saytlarda odam yollashiga, zo’ravonlikka chaqirib, hujumlarni nishonlashiga ruxsat bera olmaymiz”, - dedi Klinton.

Kaliforniyada hujum uyushtirganlardan biri, asli pokistonlik Tashfin Malik Facebook orqali “Islomiy davlat” rahbari Abu Bakr Bag’dodiyga bay’at bergan.

Klinton huquq-tartibot organlari kuzatishiga yo’l qo’ymaydigan shifrlash dasturlarning ommaga sotilishini ham tanqid qildi.
Uning aytishicha, hukumat va texnologiya kompaniyalari birga ishlab, terrorchilarni kuzatish va kelajakda xurujlarning oldini olish bo’yicha reja ishlab chiqishi kerak.

Respublikachilar orasida yetakchi nomzod, milliarder Donald Tramp esa terrorchilikda gumon qilingan oilalarni ajratib qo’yish va tekshirish fikriga moyil:

“Bunday oilalarga juda qiyin bo’ladi; hujumchilarning turmush o’rtoqlarini ham nishonga olaman”, - deydi u.

Siyosat olamida yangi bo’lgan Tramp ommaviy so’rovlarda partiyaning boshqa tajribali siyosatdon nomzodlari orasida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Uning aytishicha, ayirmachilik bo’ladi, deb rejalanayotgan ehtimoliy xurujlar haqida huquq-tartibot organlarini xabardor qilmaslik noto’g’ri. Ogoh bo’lish qo’rquvdan emas, balki mantiqiy o’ylash natijasi, deydi Tramp.

Yana bir respublikachi nomzod, Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi Trampning bu boradagi qarashlarini rad qiladi. Uning aytishicha, vazifani bajarish uchun kimgadir nisbatan ayirmachilik qilish shart emas. Bizga faqat buni qanday qilishni biladigan, tajribali prezident kerak, deydi u.

Florida sobiq gubernatori Jeb Bush IShID AQSh bilan urush holatida ekanini va uni yo’q qilish lozimligini aytadi. U kurd guruhlarini to’g’ridan to’g’ri qurollantirib, Suriyada uchish taqiqlangan zona yaratish tarafdori.

“Biz G’arb sivilizatsiyasi uchun kurashyapmiz”, - deydi u.

Klinton esa kurashga “radikal islom” atamasini aralashtirishga qarshi.

“Bu go’yoki dinga qarshi urushyapmiz, degan tasavvur beradi. Bu yerdagi va butun dunyodagi tinchlikparvar musulmonlarga qarshi gap bu”, - deydi u.

2009-dan 2013-yilgacha Obama ma’muriyatida Davlat kotibi bo’lib ishlagan Klinton uchishi taqiqlangan shaxslar ro’yxatidagi odamlarga qurol sotishni taqiqlash haqidagi qonunning Senatda respublikachilar tomonidan o’tkazilmaganini ham tanqid qildi.

Jeb Bush esa bunday ro’yxatga odamlar adashib tushib qolishi ham mumkinligini ro’kach qilib, Senat qarorini ma’qulladi. Terrorizm bo’yicha tekshiruvlarga to’g’ridan to’g’ri aloqasi bo’lgan odamlargina qurol sotib olish huquqidan mahrum qilinishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG