Prezidentlik uchun nomzodlar Isroilga sodiq bo'lishga so'z berdi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligi uchun nomzod Donald Tramp Amerika-Isroil jamoatchilik bilan aloqalar qo’mitasi huzurida nutq so’zlamoqda, 21-mart, 2016-yil.

AQSh prezidentligi uchun nomzod Donald Tramp Amerika-Isroil jamoatchilik bilan aloqalar qo’mitasi huzurida nutq so’zlamoqda, 21-mart, 2016-yil.

AQSh prezidentligi uchun nomzodlar, jumladan, respublikachilardan asosiy da’vogar Donald Tramp 21-mart kuni Amerika-Isroil jamoatchilik bilan aloqalar qo’mitasi huzurida nutq so’zladi. Unda, asosan, AQSh va Isroil aloqalarini yanada mustahkamlash haqida so’z bordi.

Nutqining boshidayoq Donald Tramp o’zini Isroilning sodiq do’sti sifatida ko’rsatishga urindi.

“Siyosatda yangiman, lekin yahudiy davlatini doim qo’llaganman”, - dedi u.

Agar saylansam, AQSh elchixonasini Quddusga ko’chiraman va Eron bilan tuzilgan yadro bitimini bekor qilaman, dedi Tramp.

“Birinchi maqsadim Eron bilan tuzilgan falokatli bitimni yo’q qilish. Azaldan biznesmenman. Shartnoma tuzishni bilaman. Bu bitim Amerika, Isroil va butun Yaqin Sharq uchun fojea”, - dedi milliarder nomzod.

Bu payt yig’in tashqarisida Trampga qarshi namoyishlar bo’lib o’tdi.

“Trampdan eshitganimiz faqat nafrat, mutaassiblik, irqchilik va fashizm bo’ldi. Ortiq eshitishga toqatim yo’q”, - dedi faol Eleanor Goldfild.

Ammo bu yerga Tramp tarafdorlari ham yig’ildi.

“Trampni yoqtiraman. U olijanob shaxs. Saylansa, mamlakat va dunyo uchun yaxshi bo’ladi”, - dedi yahudiy peshvosi Aron Mehlman.

Demokratlardan asosiy nomzod Hillari Klinton ham konferensiyada gapirib, Isroilni qattiq qo’llab-quvvatlashga va’da berdi. U Trampning ayrim qarashlarini tanqid qilishga ham ulgurdi.

“Bizga kuchli qo’llar kerak. Lekin dushanba kuni betaraf, seshanba kuni isroilparast prezident emas. Bilmadim, u chorshanba kuni nima derkan. Isroil xavfsizligi haqida gap-so’z bo’lishi mumkin emas”, - dedi Klinton.

Ted Kruz ham yig’inda qatnashdi.

“Respublikachi asosiy raqibim Isroil va Falastin o’rtasida betaraf bo’lishga va’da berdi. Shuni aniq aytib qo’yay. Prezident sifatida men betaraf bo’lmayman”, - dedi u.

Jon Keysik ham shunday fikrda.

“Bizning strategik hamkorimiz Isroilga nisbatan do’stligim va qo’llab-quvvatlovim 35 yildan ziyod professional hayotim davomida kuchli bo’lib kelgan”, - dedi u.

Demokrat Berni Sanders saylov kampaniyasi bilan bandligini aytib, yahudiy lobbichilar yig’inida qatnashmagan yagona nomzod bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG