AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

  • Amerika Ovozi

Vashingtonning Pensilvaniya ko'chasida siyosatchilar velosipedda yurishni boshlagan

Vashingtonning Pensilvaniya ko'chasida siyosatchilar velosipedda yurishni boshlagan

G’arbda hukumatlar aholidan ko’proq velosipedda yurishni so’ramoqda. Yo’llarning mashinalar bilan to’lib ketgani – jiddiy muammo, odamlar uchun ham, ekologiya uchun ham.

AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

Poytaxt Vashington mahallalaridan biridamiz. Velosipedlarni ijaraga oladigan joy. Plastik kartangizni bank mashinasiga solib, a’zo ekaningizni ko’rsatasiz. Mashina velosiped qulfini ochadigan kodni beradi. Uni qulfga kiritsangiz bo’lgani. Yashil chiroq yonadi. Velosiped sizniki. Istagan joyga minib ketaverasiz. Mana shunday tizimlar yaratib, shahar hokimiyati aholini mashina va avtobuslar emas, aynan benzinsiz yuradigan, ikki g’ildirakli vositalarga o’tishga undamoqda. Tekin emas albatta. Yillik to’lov 75 dollar. Velosipedni maxsus bekatlarga qo’yasiz.

Bu tizim 2010-yilda joriy etilgan edi. Hozirga kelib Vashington va unga qo’shni Arlington shahrida 1100 velosiped va 134 ijara stansiyasi bor. Odamlar orasida qiziqish katta.

“Zo’r-ku! Har kuni o’qishga velosipedda boraman”, - deydi velosipedni ijaraga olgan mijozlarlardan biri.

AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

Kris Xolben mana shu “Bayksheyr” (“Bikeshare”) deb nomlangan dastur rahbari. Programmaga xohlagan muddatga – bir kundan to bir yilgacha a’zo bo’lishingiz mumkin. Bir yilga yozilayotganlar ko’p, chunki har jihatdan arzon, deydi janob Xolben.

“Bugunga kelib bir yillik a’zolarimiz soni 20 mingga yetdi. Ular istagan paytda, istagan joydan velosipedga minib ketaveradi. Yana 90 ming mijozimiz bor. Ular asosan sayyohlar”.

So’nggi bir yil davomida bu velosipedlar 1 million marta haydaldi. Tashkilot nazarida bu bilan avtomobilda yuradiganlar soni kamayib bormoqda. Demak, ko’chalarda kamroq mashina, ekologiyaga kamroq zarar. Odamlar buning ahamiyatini tushunmoqda.

AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

AQSh poytaxtida velosipedlar ko’paygan

Rivojlangan mamlakatlarda velosiped ommalashar ekan, rivojlanayotgan jamiyatlarda avtomobillik bo’lish hamon boylik, obro’. Velosipedda yurish – zamon talabi, deydi Kris Xolben.

“Nazarimda, siyosat va umuman jamiyatda o’ziga yarasha nufuzga ega bo’lgan shaxslar velosiped haydashni targ’ib qila boshlashi kerak – sog’lom turmush tarzi sifatida bo’ladimi yoki avtomobillardan voz kechish uchunmi, baribir. Bundan tashqari, xavfsizlikni ta’minlash uchun velosipedchilarga alohida yo’lkalar qurib berish lozim”, - deydi u.

Vashingtonda ishlaydiganlarning ko’pi qo’shni Merilend va Virjiniya shtatlarida yashaydi. Tirband avtoyo’llardan charchagan odamlar velosiped ayni muddao deydi, sharoit yaratib berilsa bas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG