Breaking News

Kapitoliy qubbasini ta'mirdan chiqarayotgan muhojir ustalar


“American Iron Works” kompaniyasi Kapitoliy qubbasini ta’mirdan chiqarayotgan firmalardan biri. Har xil davlatlardan muhojirlar ishlaydi u yerda.

Amerika demokratiyasining ramzi hisoblanmish Kapitoliy qubbasi bundan bir yarim asr oldin cho’yandan yasalgan. Oxirgi bor 1960-yilda ta’mirdan chiqqan. Oradan yillar o’tdi-yu, har yer-har yeridan darz ketib ancha remont talab bo’lib qolgan edi.

Asli suriyalik Vaxe Tanashian gumbazni ta’mirdan chiqarayotgan kompaniya xodimi.

“Mazkur loyihaga jalb qilishganidan xursandmiz. Sharaf-da. Ishga mas’uliyat bilan yondashib, qoyillatib bajarmoqchimiz”, - deydi u.

“American Iron Works” jahonning har xil burchaklaridan muhojirlarni ishga yollagan. Firma qubba ustiga temir qolip yopdi va mutaxassislar uni yelimlashga kirishib ketdi.

Turli davlat va madaniyatlar bilimini o’z ichiga olgan bir loyiha bo’ldi bu, deydi marokashlik Muhammad Samiriy.

“Suriya, Armaniston, Yamayka, Gaiti, Lotin Amerikasi davlatlaridan xodimlarimiz bor. Urf-odat, madaniyatimiz, ko’rgan-kechirganlarimiz haqida gurung qilib o’tiramiz. Bu loyihada ishlayotganimdan xursandman”, - deydi u.

Kompaniya 2001-yilning 11-sentabrida sodir etilgan xurujlar ketidan Pentagon binosini qayta qurishda ham qatnashgan.

Nerses Nazarian qilayotgan ishidan mamnun.

“Butun Vashington bo’ylab mehnatim mahsulini topishingiz mumkin. Mening qo’limdan o’tgan temir, cho’yandan hashamatli binolar qad ko’taradi. Asrlar davomida odamlarning ko’zini quvontiradi. Faxrlanmay bo’ladimi!” - deydi u.

Amerika demokratiyasi ramziga sayqal berayotgan bu ustalarni iste’dod, insoniylik, ishiga sadoqat birlashtirib turadi. Urush, nizo, yo’qsillik va ta’qiblardan qochib, Qo’shma Shtatlarga yaxshi hayot izlab kelgan insonlarga xos xususiyatlar ham ana shular-da.

Kapitoliy ta'mirdan o'tmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:57 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG