Markaziy Afrika Respublikasida xavfsizlik kuchlari qayta tuziladi

  • Amerika Ovozi

Markaziy Afrika Respublikasining muvaqqat prezidenti Katrina Samba-Panza

Markaziy Afrika Respublikasining muvaqqat prezidenti Katrina Samba-Panza

Markaziy Afrika Respublikasining yangi prezidenti Katrina Samba-Panzaning aytishicha, mamlakatning musulmon va nasoro aholisini himoya qilish uchun xavfsizlik kuchlari qayta tashkil etiladi.

Afrikaning bu o’lkasi nasoro va musulmonlar o’rtasida kelib chiqqan qonli zo’ravonliklardan aziyat chekmoqda. Prezident o’z uyini tashlab qochganlar uchun tashkil etilgan markazlarga, jumladan, yuzlab musulmonlar jon saqlayotgan markaziy masjidga tashrif buyurib, xavfiszlikni kuchaytirish bo’yicha yangi rejasini e’lon qildi.

Markaziy Afrika Respublikasi aholining 15 foizini musulmonlar tashkil etadi. O’tgan yili musulmonlarning “Seleka” isyonchi guruhi bosh ko’targanшdan beri, bu din vakillari turli hujum va tazyiqlarga duchor bo’lmoqda.

Nasoro diniga mansub davlat rahbarining 1-fevral kuni masjidga qilgan tashrifi o’tgan oy prezident etib saylanganidan beri uning ilk bor musulmonlar bilan uchrashuvi bo’ldi. U bu amali orqali musulmonlarning ishonchini qozonishga urinmoqda.

Uchrashuv bo’ladigan kuni musulmonlarga qarshi guruh masjid yaqinidagi uyga o’t qo’yib, bir musulmonni o’ldirishga uringach, prezident tashrifi bekor qilinishi kutilgan edi. Shunga qaramay, og’ir qurollangan Ruanda tinchlikparvar kuchlari qurshovida prezident masjidga kelishga qaror qildi.

U bu yerda qilgan nutqida ko’plab odamlarning qo’shni Chadga yoki mamlakat shimoli-sharqiga qochib ketganini tilga olib, bu holat davlat qurilishi asosida turgan tamoyillarga zid ish bo'lganini ta’kidladi.

“Davlatimiz “Birlik, Qadr-qimmat va mehnat” shiori asosiga qurilgan”, - dedi u.

Mamlakatning o’n minglab musulmon aholisi zo’ravonliklardan qochib qo’shni davlatlarga bosh olib ketmoqda. Ularni xavfsiz joylarga ko’chirishda Chad hukumati yaqindan ko'maklashmoqda.

O’tgan yili musulmonlarning “Seleka” guruhi hokimiyatni egallaganida mamlakatning xavfsizlik kuchlari tarqatib yuborilgan edi. Yangi hukumat ularni asta-sekin qayta shakllantirmoqda.

Prezident Samba-Panza, oz navbatida, jangari guruhlarni o’z qurollarini topshirishga chaqirdi. Ayni paytda u muxolif tomonlarni yarashtirishni ham maqsad qilgan.

“Seleka” isyonchilarining hammasi ham jinoyatchi emas, - deydi u. - “Anti-Balaka” guruhi haqida ham shunday deyish mumkin. Ammo ular birovlarning qo’lida vosita bo’lib qolishdan saqlanishi kerak. Dushanbadan boshlab xalqaro tinchlikparvar kuchlar yordamida mamlakat xavfsizlik kuchlari – armiya, politsiya va jandarmeriya aholini himoya qilish uchun qayta qurollantiriladi”.

Ayni paytda Afrika ittifoqi va Fransiya tinchlikparvar kuchlari mamlakatda tartib saqlab turibdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG