Xalqaro huquq tashkiloti: Markaziy Afrika Respublikasida musulmonlar qirg'in qilinmoqda

  • Amerika Ovozi

Poytaxt Bangidagi musulmonlarning vayron qilingan mol-mulklari, 1-fevral, 2014-yil.

Poytaxt Bangidagi musulmonlarning vayron qilingan mol-mulklari, 1-fevral, 2014-yil.

Huquq faollarining aytishicha, Markaziy Afrika Respublikasida musulmon aholiga qarshi zo’ravonliklar davom etmoqda. Nasoro jangarilarning hujumlari oqibatida ko’plab musulmon jamoalari mamlakatni tark etgan.
“Human Rights Watch” tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, butun yanvar oyi davomida hamda fevralning boshida minglab musulmon oilalar “Anti-balaka” nomini olgan vahshiy hujumlar oqibatida yashab turgan joylarini tark etgan.
Tashkilot vakili Piter Bukart vaziyat dahshatli, deydi.

“Poytaxt Bangining hamda mamlakat shimoli-g’arbi va janubi-g’arbidagi shahar-qishloqlarning butun musulmon aholisi dahshatli zo’ravonlik oqibatida yashab turgan joylarini tark etmoqda. Men u yerda bo’lgan uch hafta davomida poytaxtning o’zida 12 ta ommaviy qotillik va o’ldirishga urinishlarning guvohi bo’ldim. Qishloq va shaharlarda “Anti-balaka” jangarilari ommaviy qirg’inlarga qo’l urmoqda”, - deydi huquq faoli.

Bukartning aytishicha, zo’ravonliklar “Seleka” musulmon qo’zg’olonchilarining o’tgan yili uyushtirgan hujumlariga qarshi qasos olish amaliyotidir. “Seleka”guruhi rahbari Mishel Jotodia prezident Fransua Boziz hokimiyatdan ag’darilgach, bir muddat mamlakatni boshqargan ham edi. Uning hukmronligi davrida etnik va diniy ziddiyatlar kuchayib ketdi. “Seleka” hokimiyatdan ketgach, endi nasoro guruhlari musulmonlardan qasos olishga urinmoqda.

“Bu yurtda azaldan yashab kelgan musulmonlar endi vahshiyona zo’ravonliklardan omon qolish uchun Chad va Kamerunga qochib ketmoqda”, - deydi Bukart.

Faolga ko’ra, hujumlar puxta reja va umumiy boshqaruv asosida amalga oshirilmoqda.

“Bunday hujumlar sentabr oyidan beri davom etmoqda. Masalan, shimolning hududiy poytaxti Bossangoda 5-sentabr kuni bir-biridan uzoqda joylashgan beshta shaharchada hujumlar uyushtirilgan va bir kunning o’zida yuzlab musulmonlar halok bo’lgan. Harbiy jihatdan umumiy boshqaruv ostidagi hujumlarga guvoh bo’lyapmiz. Ular musulmonlarni qo’rquvga solib, mamlakatdan siqib chiqarish strategiyasini qo’llayapti”, - deydi u.

So’nggi oylarda “Anti-balaka” harakati qo’llayotgan qurollarda ham o’zgarish kuzatilgan.

“Dastlab, ular yaxshi qurollanmagan edi. Jangarilarning aksariyati oddiy qilich va kamonlardan foydalangan. Endi esa ularda avtomatik miltiqlar, kalashnikov avtomatlari va granatalar bor”, - deydi “Human Rights Watch” vakili.

Bukartning tasvirlashicha, “Anti-balaka” harakati Keniyada Britaniya mustamlakasiga qarshi kurashgan “Mau Mau” guruhi kabi maxfiy uyushmadir. “Human Rights Watch” ularning ayrim yetakchilari bilan aloqa o’rnatishga muvaffaq bo’ldi.

“Rahbarlarining ba’zilari ataylab musulmonlarni nishonga olmayotganlarini aytadi. Ammo biroz o’tib musulmonlarni Markaziy Afrika Respublikasi fuqarolari emasligini, ular davlatga xiyonat qilgani uchun bu yerni tark etishi kerakligini aytadi”, - deydi Bukart.

Yana uning aytishicha, guruh haqida ko’pchilikdagi mavjud tasavvur ham to’g’ri emas.

“Anti-balaka” a’zolarini nasoro jangarilari deb atashadi. Bu uncha to’g’ri emas. Ular o’zlarining nasroniy ekanini da’vo qiladi, ko’pincha, xoch taqib yurishadi. Ammo ularning amallari, an’analari ko’proq Afrikaning mahalliy an’analariga, Animizm e’tiqodiga o’xshab ketadi”, - deydi kuzatuvchi.

Fransuz va Afrika tinchlikparvar kuchlari zo’ravonlikni bostirishda faolroq bo’lishga chaqirilmoqda. Mamlakatdagi fransuz missiyasi rahbari jangarilarni “tinchlik dushmanlari” deb atadi. Nasoro va musulmon yetakchilari ham zo’ravonlikni qoralamqda.

“Human Rights Watch” ma’lumotiga ko’ra, Katerina Samba-Panza yetakchiligidagi o’tish hukumati jangarilar bilan muzokara olib bormoqda.

“Ular mamlakat ustidan nazoratni qayta tiklashga urinmoqda. Hukumatning mavjudligi hatto sezilmaydi. Masalan, butun bir respublikada yaxshi ishlaydigan qamoqxona yo’q. Bolalar bir yildan beri maktabga bormaydi. Poytaxtdan tashqarida hokimiyat deyarli yo’q”, - deydi Bukart.

Mamlakat bosh vaziri zo’ravonlikni to’xtatishga chaqirib, sodir etilgan jinoyatlar uchun ham “Seleka”, ham “Anti-balaka” jangarilarini aybladi. Xalqaro Jinoiy sud esa zo’ravonlikka qarshi tekshiruv boshlash arafasida ekanini ma’lum qildi.

“Human Rights Watch” zo’ravonlikni to’xtatishda va ko’proq insonparvarlik yordami ko’rsatishda xalqaro hamjamiyatni faolroq bo’lishga undamoqda. Taxminan, bir million odam o’z uyini tashlab ketgan. Yo’llar yuk yetkazish uchun xavfli bo’lgani bois, Jahon oziq-ovqat dasturi yordamni havo orqali yetkazmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG