Zo'ravonliklar Markaziy Afrika Respublikasini bo'lib yuborishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Markaziy Afrika Respublikasi poytaxtidagi musulmonlar, 10-aprel, 2014-yil.

Markaziy Afrika Respublikasi poytaxtidagi musulmonlar, 10-aprel, 2014-yil.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, Markaziy Afrika Respublikasida 19 ming musulmon hayoti jiddiy tahdid ostida va ular mamlakatning xavfsiz hududlariga yoki xorijiy davlatga ko’chirilishi kerak.

Nasoro jangari guruhlari musulmon aholiga qarshi qonli hujumlarni boshlagandan beri allaqachon o’n minglab musulmonlar poytaxtni va g'arbiy viloyatlarni tark etgan. Ayrim mahalliy rasmiylarning aytishicha, aholini ko’chirish choralari ixtilofni yanada kuchaytirib, mamlakatni parchalab yuborishi mumkin.

Markaziy Afrika Respublikasida jamiyat allaqachon ikkiga bo’lingan. Zo’ravonliklar ortidan musulmonlar va nasorolar o’rtasida bordi-keldi butunlay uzilgan. Qon to’kilishlarini to’xtatish uchun mamlakatga kiritilgan xalqaro tinchlikparvar kuchlari ham vaziyatni to’liq nazorat qila olmayapti.

BMTga qarashli yordam agentliklari musulmonlarning bir qismini shimoldagi shaharlarga ko’chirish niyatida.

Poytaxt Bangining “PK5” mahallasida 10 ming atrofida musulmon qolgani aytilmoqda. Hukumat ulardan o’z joylarida qolishlarini so’ragan.

Musulmonlarning “Seleka” guruhi hokimiyatni boshqargan davrda yetkazilgan aziyatlar uchun nasorolar “Anti-balaka” deya ataluvchi jangari guruh tuzib, musulmonlardan yoppasiga o’ch olish harakatini boshlagan. Yanvar va fevral oylarida bo’lib o’tgan vahshiy hujumlarda yuzlab musulmonlar o’ldirilgan.

Hukumat musulmonlarning yoppasiga evakuatsiya qilinishiga qarshi bo’lsa-da, ayni damda ularni hujumlardan to’la himoya qila olmasligini ham tan olmoqda. Soni oz bo’lgani uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlari ham aholi tinchligini ta’minlashning uddasidan chiqa olmayapti.

“Seleka” guruhining sobiq a’zolari orasida mamlakatni ikkiga bo’lish masalasi ko’tarilmoqda. Ammo bu haqda tomonlar bir fikrda emas.

Sobiq “Seleka” koalitsiyasining ikkinchi vitse-prezidenti Muhammad Dafana musulmonlar orasida ajrab chiqishni istayotganlar ko’pligini aytadi.

“Musulmonlar kuchli tazyiq ostida, ular o’zlarini bu yerda begonadek his qilmoqda. Shuning uchun mustaqil davlat bo’lib ajrab chiqish haqidagi davolari asosli”, - deydi u.

Ammo musulmonlar orasida ajralib chiqishga qarshi bo’lganlar ham ko’p. Muhammad Dafananing o'zi ham ulardan biri. Uning aytishicha, musulmonlar bu yerda ozchilik guruh sifatida huquqlarining hurmat qilinishini talab qilishi kerak.

Mamlakatning shimoli-sharqiy hududlari o’tgan 10 yil ichida poytaxt Bangiga qarshi bir necha bor qo’zg’olon ko’tardi. Ularga ko’ra, markaziy hukumat iqtisodiy jihatdan xarob bo’lgan bu mintaqaga yetarli e’tibor bermayapti.

Hukumat bu hududlardagi muammolarni bartaraf etish uchun choralar ko'rilishini, ammo mamlakatning bo’linishiga aslo yo’l qo’yilmasligini ta'kidlamoqda.

Musulmon aholi esa mamlakatda to’la tinchlik va barqarorlik o’rnatilmaguncha o’z uylariga qaytmoqchi emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG