AQSh senatori: O'zbekiston siyosiy mahbuslarning hammasini ozod etsin

  • Amerika Ovozi

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, respublikachi Bob Korker va demokrat senator Ben Kardin (o'ngda) Kongressdagi yig'inda, Vashington.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, respublikachi Bob Korker va demokrat senator Ben Kardin (o'ngda) Kongressdagi yig'inda, Vashington.

AQSh Senati Tashqi aloqalar qo'mitasining eng nufuzli demokrat a'zosi Ben Kardin O'zbekistonda eng uzoq davr siyosiy mahbus bo'lgan Murod Jo'rayev 12-noyabr kuni ozod etilganini olqishlamoqda.

Bu to'g'ri qaror, deydi u, biroq respublika qamoqxonalarida minglab shunday insonlar bor. Nohaq va asossiz qamalgan, hukumatni tanqid qilgani uchun zindonga tashlangan shaxslar, deya izohlaydi u.

Senator Kardin yaqinda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyoga safar qilganida uni "O'zbekiston singari zolim hukumatlar bilan" inson huquqlari haqida ochiq gaplashishga" undab, ochiq xat yozgan edi. Maktubda u Murod Jo'rayev va boshqa mahbuslar nomini tilga olgan.

Kardin fikricha, O'zbekiston rahbariyati dunyodagi eng huquqbuzar tuzumlardan biri. Mamlakatda matbuot erkinligi yo'q, diniy huquqlar cheklangan; amaldagi siyosatni savolga tutish uni ag'darishga urinish bilan tenglashtiriladi; huquq himoyachilari va faollar qamoqqa olinib, qiynoqqa solinadi yoki ruhiy bosim qurboni.

Obama ma'muriyati, deydi demokrat qonunchi, Markaziy Osiyoda huquq va demokratiyani targ'ib qilishni ustuvor vazifa deb bilib, bu borada shaxdam qadam tashlashi kerak. Islom Karimov boshchiligidagi hukumat hamda qo'shni rahbarlar shuni bilsinki, Amerika huquqbuzar tuzumlar bilan hamkorlik qilishni xohlamaydi, chunki bu uning qadriyat va tamoyillariga qarshi, deb keladi senator.

AQSh Davlat departamenti muzokaralarda huquq chetda qolmayotganini ta'kidlab keladi. Bu borada har doim ham ochiq gapirilmasada, qonun ustuvorligi, adolat va huquqqa hurmat singari talablar hech qachon muhokamadan chetda qolmagan, deydi rasmiylar.

Davlat departamenti Jo’rayevning qo’yib yuborilishini xush xabar demoqda. Uning ozod qilinishi ijobiy qadam; O’zbekiston hukumati shuning ketidan qamoqda uzoq payt qolayotgan boshqa jurnalistlar, faollar va din ahlini qo’yib yuborsin, deyiladi departamentning bayonotida. Bosh diplomat Jon Kerri yaqinda mintaqaning besh o’lkasiga safarida ham fuqaro erkinliklari, inson huquqlari va uzviy huquqlar himoyasi uchun ko’proq ishlar qilish zaruratini eslatgan edi, deyiladi unda.

O'zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy yoki diniy mahbus yo'q deya qayd etib keladi. Qamoqdagi odamlar, rasmiy Toshkent izohicha, jinoyatchi ekani isbotlangan va sud tomonidan tegishli jazoga hukm qilingan fuqarolar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG