Pentagon rahbari: Afg'onistondan chiqib ketishga shoshmayapmiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani bilan, 21-fevral, 2015

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani bilan, 21-fevral, 2015

Pentagonning yangi rahbari, AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter chet elga birinchi safarini Afg'onistondan boshladi. "Bu davlatga yordamni ayamaymiz",- deydi u, Kobulda so'zlar ekan.

Prezident Barak Obama Afg'onistonga harbiy yordamni oshirish, xususan mamlakatdagi qo'shinlar soni bo'yicha yangi qarorlar qilishi mumkin. Amerika vaziyatga qarab ish tutadi, deydi Karter.

"Prezident Obama bilan gaplashganimizda bir narsaga urg'u berdik: Afg'onistonda vaziyat izdan chiqmasligi kerak. Shu kungacha erishilgan yutuqlar boy berilmasligi lozim. Prezident Ashraf G'ani bilan muntazam muloqotdamiz. Nimaiki qilsak, uning maslahati va takliflariga quloq tutamiz. AQSh o'z qo'shinini shoshib olib chiqmaydi", - deydi Karter.

Mudofaa vaziri Afg'oniston prezidenti bilan muzokaralar ketidan harbiylar bilan ham uchrashmoqda.

Hozirda Qo'shma Shtatlar bu mamlakatda 10 ming askarga ega.

Joriy yil oxirigacha qo'shin sonini kamaytirish rejada edi, biroq Kobul iltimosiga ko'ra, hozirgi son o'zgarmasligi mumkin.

Amerika "Islomiy davlat" Afg'onistonda ham kuchaymasligi uchun maxsus choralar ko'ra boshlagan, deydi Karter. Yaqin kelajakda asosiy e'tibor shunda bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG