Karter Iroqda kurd kuchlarini namuna qilib ko'rsatmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroq Kurdistoni bosh vazirining o'rinbosari Qubad Talaboniy hamrohligida, Irbil, 17-dekabr, 2015-yil

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroq Kurdistoni bosh vazirining o'rinbosari Qubad Talaboniy hamrohligida, Irbil, 17-dekabr, 2015-yil

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroqda "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida mamlakat shimolidagi Kurdiston rahbarlari bilan muloqot qilmoqda.

Shu hafta Turkiya ham Iroqdagi jangarilarni nishonga oldi. BMT Xavfsizlik Kengashi esa "Islomiy davlat"ning moliyaviy tizimiga zarba bermoqchi.

Iroqlik kurdlar, mamlakat armiyasidan farqli o'laroq, "Islomiy davlat"ga qarshi samarali kurashayotgan guruhlardandir. Shunga qaramay, jangarilar Iroq va Suriyada hanuz katta hududlarni nazorat qilmoqda.

Bir necha oy oldin Iroq xavfsizlik kuchlarini jang maydonini tashlab qochganlikda ayblagan AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter kurdlarning qurolli peshmerga kuchlarini maqtadi.

"Bu "Islomiy davlat"ni yenga oladigan, hududlarni undan tortib olib, to'g'ri boshqara oladigan samarali va qobiliyatli kuchdir", - dedi Karter.

Kecha Amerika vaziri Bag'dodda Bosh vazir Haydar Abadiy va Mudofaa vaziri Xolid Ubaydiy bilan uchrashib, "Islomiy davlat"ga qarshi kampaniyani kuchaytirish kerakligiga urg'u berdi.

Bugun u Iroqda harakatlanayotgan AQSh harbiy rahbarlaridan jang maydonidagi vaziyatni o'rganadi, "Islomiy davlat" mag'lubiyatini tezlashtirish yo'llari, Yevropa, Fors ko'rfazi davlatlari va boshqalarning hissasi haqida fikr almashadi.

Qo'shma Shtatlar o'tgan yil avgustidan beri "Islomiy davlat"ni Iroqda havodan nishonga olib keladi. AQSh mamlakatga piyoda askarlarini qayta kiritmoqchi emas, biroq oz sonli maxsus bo'linmalar safarbar etilgan.

Iroq kurdlarini o'ziga ittifoqchi deb biladigan Turkiya kecha jangarilarning Mosul yaqinidagi harbiy lagerni nishonga olishiga javoban Iroq shimolini artilleriyadan o'qqa tutdi.

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, jangarilar hujumida turk harbiylari tayyorgarligidan o'tayotgan iroqlik ikki askar jon berdi, to'rt nafar turk harbiysi yaralandi. Yaradorlar muolaja uchun Turkiyaga yuborildi.

"Bosh shtab boshlig'i bilan maslahatdan so'ng Daishning mintaqadagi bazasini yo'q qildik", - dedi bosh vazir.

Turkiya kurd jangchilarini tayyorgarlikdan o'tkazayotgan harbiylarini qo'riqlash uchun 100 dan ziyod askarini safarbar etgan. Biroq bu markaziy hukumatga yoqmadi. Bosh vazir Abadiy Anqaradan qo'shinlarini Iroqdan olib chiqishni talab qilib, BMT Xavfsizlik Kengashiga arz qildi.

Bu o'rtada Kengash yana bir masalani ko'rib chiqmoqda. Bugungi majlisda "Islomiy davlat" guruhining moliyaviy kanallarini to'sishga qaratilgan qo'shimcha choralar qabul qilinishi kutilmoqda.

Xavfsizlik Kengashiga a'zo 15 mamlakat moliya vazirlari shu mazmundagi rezolyutsiya loyihasini o'rtaga tashlaydi.

Kengashga bu oy raislik qilayotgan AQSh elchisi Samanta Pauerning aytishicha, hujjatda mamlakatlardan terrorchi guruhning moliyaviy manbalariga zarba berishda sa'y-harakatlarini oshirish so'raladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG