Jimmi Karter: E'tiqod muhim, lekin birlamchi masala emas

  • Amerika Ovozi

AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter

AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Nyut Gingrich yaqinda Janubiy Karolina shtatida o’tgan partiyaviy saylovda g’olib chiqdi. Natijani hal qilgan - konservativ saylovchilar.

Ularning ovozi 1977-1981 yillarda AQSh prezidenti bo’lgan Jimmi Karterning kampaniyasida ham muhim rol o’ynagan. “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Karter o’z e’tiqodi va dinning siyosatdagi roIi haqida gapirdi.

1976-yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jimmi Karterga jurnalistlar bir savol bergan.

“Muxbirlardan biri mendan dindor nasroniymisiz deb so’raganida, men “ha” deb javob berganman va barcha gazetalar bu haqda yozgan”, - deydi Karter.

O’z e’tiqodini ochiqchasiga e’tirof etgan Karter shu tariqa konservativ shtatlarni o’ziga ergashtirib, poygada g’alaba qiladi.

O’shandan buyon Amerikada prezidentlikka kim da’vo qilmasin, xoh demokrat, xoh respublikachi bo’ladimi, dindor fuqarolar, yevangelchilar ko’nglini ovlaydi.

2012-yilda Oq uyni zabt etishga shay turgan respublikachi Nyut Gingrich “din siyosatda muhim omilmi“ degan savolga “albatta”, deb javob beradi.

“Ochig’ini aytadian bo’lsam, e’tiqodning hecham ahamiyati yo’q degan odamga ishonmagan bo’lardim. E’tiqodsiz qanday qilib to’g’ri mulohaza yuritish mumkin, qanday fikrlash mumkin”, - deb so’raydi Gingrich. “Ibodat qilmasang, men senga qanday ishonay? Yaratganga ishonish katta ahamiyatga ega”, - deydi u.

Respublikachi nomzodlardan yana biri, Massachusetts shtati sobiq gubernatori Mitt Romni nasroniylarning mormon oqimidan.

“Iso Masih Xudoning o’g’li ekaniga ishonaman. Boshqa odamlarning qarashlari o’zgacha bo’lishi mumkin, men bunga hurmat bilan yondashaman. Fikrimcha, kishining e’tiqodi rahbar bo’la olish yoki olmasligiga ta’sir qilmaydi”, - deydi reytinglarda peshqadam Romni.

Ayrim nomzodlar dinga nihoyatda katta urg’u berib yuboradi, deydi sobiq prezident Jimmi Karter.

“Shtatma-shtat o’tadigan saylovlarda ovoz beruvchilar nimani kutayotgani, nima gapirish kerakligi, xullas ularning ko’nglini yaxshi biladi. Ammo oxir-oqibat rahbarni saylashga kelganda ko’pchilik ularning diniga emas, balki prezident bo’la olishiga e’tibor beradi”, - deydi Karter.

“Katolikmi yoki yahudiy, protestantmi yoki mormon, nomzodning ma’naviy fazilatlari muhim, uning davlat rahbari sifatida qanday ishlay olishi muhim. Shu bois perzidentlikka nomzodning shaxsiyati, siyosat yoki biznesdagi tajribasi uning dinidan ustunroq”, - deydi Jimmi Karter.

Ommaviy so’rovlar bu qarashni tasdiqlaydi. Amerikaliklarning bor-yo’g’i 16 foizi oliy lavozimga da’vogarlarning diniy qarashlari muhimligini e’tirof etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG