Misrda halokatga uchragan Rossiya samolyotida bomba portlagan bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Sharm al-Shayx aeroporti, Misr, 7-noyabr, 2015-yil

Sharm al-Shayx aeroporti, Misr, 7-noyabr, 2015-yil

Misrning Sinay yarimorolida qulagan Rossiyaga qarashli yo'lovchi samolyot halokatini tergov qilayotgan guruhning bildirishicha, samolyot ichida bomba portlagan bo'lishi mumkin. Ayni damda uchuvchilarning kabinasida joylashgan qora qutidagi ma'lumotlar o'rganilmoqda.

"Qutidagi ovozlarni bir qator tingladik. Hozir natijalar tahlil qilinmoqda. Bunga bir oz vaqt kerak. Yozuvning so'nggi soniyasida shovqin eshitilgan. Uning nima ekani maxsus laboratoriyada aniqlanadi", - deydi tergov guruhi rahbari Ayman Muqaddam.

Bu o'rtada Britaniya Sharm al-Shayx kurortiga, Rossiya esa Misrga belgilangan reyslarni to'xtatib, bu mamlakatda dam olgan barcha fuqarolarini vataniga qaytarmoqda. 11 ming rossiyalik yurtiga bagajsiz qaytgan. Yuk alohida samolyotlarda tashilmoqda.

Rossiya Turizm sanoati ittifoqi rahbari Irina Tyurinaning aytishicha, sayyohlik bilan shug'ullanuvchi shirkatlar katta zarar ko'rmoqda.

"Misrga putyovkalar sotish to'xtatilgan, kompaniyalar muqobil yo'nalishlardagi manzillarga sarmoya qilishga majbur", - deydi u.

Ayrim hisoblarga qaraganda, Misr sayyohlar keskin kamayganidan ikki milliard dollargacha zarar ko'rishi mumkin.

AQShning bildirishicha, xurujga "Islomiy davlat" guruhi qo'l urgan bo'lishi mumkin.

"Jangarilar Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari uchun o'ch olmoqda", - deydi ayrim rasmiylar.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Kaliforniyada o'tgan mudofaa forumida Rossiyaning Suriyadagi siyosatini tanqid qildi.

Uning aytishicha, Rossiya Suriya mojarosiga aralashib, vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Karterga ko'ra, Rossiya "Islomiy davlat" guruhiga qarshi jang qilmayapti, balki Suriya Prezidenti Bashar Assadni hokimiyatdan ag'darishga harakat qilayotgan mo'tadil isyonchilarni nishonga olmoqda.

"Rossiya harakatlariga qarshi javob sifatida Qo'shma Shtatlar zarur chora ko'radi, yadro arsenalini yangilaydi, zamonaviy qurollar, jumladan yangi turdagi strategik bombardimonchi samolyotlar va lazer qurollarini ishlab chiqarishga qo'shimcha mablag' ajratadi", - dedi Karter.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG