AQSh mudofaa vaziri Obama prezidentligini sarhisob qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, saylangan Prezident Donald Tramp mahkamasi NATO va AQShning Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilari bilan hamkorlikni davom ettirishi, Rossiyaning Suriyadagi amaliyotini nazorat qilishi kerak.

Karter Barak Obamaning sakkiz yillik prezidentligini sarhisob qilarkan, yangi prezidentga tavsiyalarini yubordi. Tramp 20-yanvar kuni qasamyod keltiradi.

Karterning aytishicha, Rossiya 2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olganidan so’ng Qo’shma Shtatlar mintaqadagi hamkor davlatlar bilan harbiy mashg’ulotlarni ko’paytirdi, ayrim davlatlarga askar va harbiy texnikasini yubordi.

"Amerika NATO bilan hamkorlikni davom ettirishi kerak, shunda Rossiyaning Yevropadagi agressiyasi oldini olgan, qit’ani himoya qilgan bo’lamiz”, - deydi u.

AQSh mudofaa vaziri Rossiyaning Suriyada 2015-yil so’nggida boshlagan amaliyotini ham tanqid qildi. Unga ko’ra, terrorchilarga qarshi kurashamiz degan Rossiya, asosan, Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi kurashgan qurollangan muxolifatni havodan nishonga oldi.

Eron esa, deydi Karter, Suriyada Assadni himoya qilmoqda, Hizbulloh jangari guruhini qo’llab-quvvatlamoqda, Yamanda hutiy isyonchilarga madad ko’rsatib, Yaqin Sharqda ta’sirini oshirishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, Karter AQSh vositachiligida Eron yadro dasturi bo’yicha erishilgan xalqaro bitimni olqishladi. Isroil kelishuvni qoralagan, Tramp ham uni tanqid qildi.

Barak Obama prezidentlikka kelganidan so’ng AQShning Iroq va Afg’onistondagi qo’shinlari sonini qisqartirdi. Ikki haftadan so’ng iste’foga chiqayotgan davlat rahbari bu davr mobaynida Amerikada xorijliklar tomonidan terror xurujlari uyushtirilmaganini alohida ta’kidladi.

"Iroq va Afg’onistonda xizmat qilgan 180 ming sonli qo’shinimiz 15 mingga tushirildi. 70 mamlakatdan iborat koalitsiya yordamida “Islomiy davlat”ni havodan 16 ming bor nishonga olib, uni ancha zaiflashtirdik. Bunga ikki yilda 20 milliard dollar sarfladik. Iroq urushi avjida har oy shuncha pul ketardi", - deydi Obama.

Karter 2011-yilda al-Qoida rahbari Obama bin Ladenning, o’tgan yili esa Tolibon yetakchisi Mulla Axtar Mansurning o’ldirilganini Obama ma’muriyatining yutug’i deb baholadi.

Pentagon va Markaziy razvedka boshqarmasi terrorchilarga qarshi dronlarni qo’llashni kuchaytirdi. Karterga ko’ra, ayni damda Qurolli kuchlarda an’anaviy pilotlardan ko’ra dron operatorlari soni ko'p.

“AQSh armiyasi hujumlar paytida oddiy aholining halok bo’lganiga doir ma’lumotlarni yashirmay, ochiqlikka urg’u bermoqda”, - deydi u.

Biroq inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, oddiy aholi orasida talafotlar bo’yicha Oq uy keltirgan raqamlar ancha kam ko’rsatilgan.

Pentagon rahbari 2011-yilda mudofaa uchun byudjet kesilganidan nolib, Kongressni tanqid qildi. Unga ko’ra, vazirlik cheklangan imkoniyatlar bilan ishlashga majbur bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG