Ukraina inqirozi yangi "sovuq urush"ning boshlanishimi?

  • Amerika Ovozi

Rus askarlari Qrimning Simferopol shahrida. 17-mart 2014.

Rus askarlari Qrimning Simferopol shahrida. 17-mart 2014.


Shu yil Rossiya qo’shinlarining Qrim yarim oroliga kirgani AQSh va Rossiya munosabatlarida burilish yasadi. Ayrimlar vaziyatni 1979-yilga qiyoslaydi. O’shanda Sovet Ittifoqi Afg’onistonga askar tortgan, Amerika prezidenti Jimmi Karter sovetlarni jazolovchi jiddiy qarorlar qabul qilgan edi. Ammo Qrim atrofidagi vaziyat boshqacha, deydi ekspertlar.

Barak Obama prezidentlikka kirishganidan Rossiya bilan orani yaxshilashga urindi.

Chikago universitetidan siyosatshunos-professor Stanislav Markus:

“Obama ma’muriyati Rossiya bilan aloqalar yana ijobiy rivojlanishiga umid qila boshladi”.

Ammo 2012-yilda hokimiyatga Vladimir Putin qaytdi va oraga yana sovuqlik tushdi. Joriy yil Qrim bosib olindiyu, aloqalar yaxshilanadi, degan barcha umidlar puchga chiqdi.

“Menimcha, Obama ma’muriyatida ko’pgina rasmiylar uchun bu kutilmagan voqea bo’ldi, chunki Obama yaqinlashuv tarafdori edi,” - deydi professor Markus.

Rossiya Qrimda nazoratini o’rnatar ekan, Obama siyosati respublikachilar tanqidiga uchramoqda. Senator Jon Makkeyn Obamani Rossiyaga bas kelolmaganlikda ayblaydi, uni “go’l” siyosatchi deya tanqid qiladi.

Bu xildagi tanbehlar 1979-yilda Sovet qo’shinlari Afg’onistonga kirganida AQSh prezidenti Jimmi Karterga ham yog’ilgan edi.

“Men o’shanda elchini chaqirib oldim. Sovet Ittifoqi bilan diplomatik aloqalar taranglashdi. Don embargosini joriy etdik. Kongress va Olimpiya qo’mitasining 1980-yilgi Olimpiadada qatnashmaslik qarorini qo’llab-quvvatladim,” - hikoya qiladi Karter.

Ammo so’nggi 35 yilda ko’p narsa o’zgardi. Sovuq urush tugagach, Rossiya AQSh va boshqa mamlakatlar bilan mustahkam iqtisodiy aloqalar o’rnatishga muvaffaq bo’ldi. Prezident Obama Rossiyaning Qrimdagi agressiyasiga qarshi ko’radigan choralar ko’p emas, deya e’tirof etadi Karter.

“Nazarimda, embargo joriy etish yoki hatto harbiy harakat tahdidi ham Putinni to’xtatmasdi,” - deydi Karter.

Professor Markus ham bu fikrga qo'shiladi:

“Rossiya hukumati uchun so’nggi yillarda katta daromad manbai bo’lgan energetika sohasiga embargo joriy etib, iqtisodni zaiflashtirish, birinchi navbatda, oddiy rossiyaliklarga zarba bo’lardi. Bu esa ularni Putin shuncha vaqtdan beri aytib kelayotgan gapga ishontirardi: “G’arbda ko’plar o’tmishni, sovuq urushni unutmagan, ular Rossiyani tiz cho’ktirmoqchi, deydi Putin”.

25-may kuni Ukrainada prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Jimmy Karter fikricha, Putin Rossiyaga mafkura hamda geografik jihatdan yaqin bo’lganlarga ta’sir o’tkazishga harakat qiladi, lekin Ukrainaning boshqa qismlariga qo’shin safarbar etmaydi.

“U Ukrainaning sharqiga harbiylar jo’natmasligini e’lon qildi. Menimcha, Putin so’zida turadi. AQSh o’z ittifoqchilari bilan birga Putinga ogohlantirish berishi, oqibati juda jiddiy bo’ladi, deb qat’iyat bilan aytishi kerak," - deydi u.

AQShning Yevropadagi harbiy qo’mondonlari ma’lumotlariga kor’a, Rossiya Ukraina chegarasiga 40 ming askar tortgan. 1979-yilda prezident Karter Sovet Ittifoqiga qarshi harbiy kuch qo’llashini aytib po’pisa qilgan edi. Prezident Obama esa Ukraina mojarosini qurol bilan hal etib bo’lmaydi, demoqda.​
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG